Jamiyat | 09:00 / 24.04.2020
10091
5 daqiqa o‘qiladi

«Xorazm hududiy elektr tarmoqlari»: Dasturlar ijrosi – amalda

Bugungi kunda hayotimizni elektr energiyasiz tasavvur qilish qiyin. Shu sababli energetiklarimiz zamonaviy texnika vositalaridan foydalanilgan holda iste'molchilarga uzluksiz va sifatli elektr energiyasi yetkazib berishni soha oldidagi ustuvor vazifalardan deb biladilar.

Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi farmoniga asosan Xorazm viloyati hududida «Obod qishloq» va «Obod mahalla» Davlat dasturlari doirasida qishloq aholi punktlarining me'moriy qiyofasini tubdan yaxshilash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha obektlarini barpo etish va shu asosda aholining turmush madaniyatini yuksaltirish, dunyoqarashini kengaytirishga oid qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Bu borada «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan «Obod qishloq» Davlat dasturi asosida 2020 yilning 1-choragida viloyat miqyosida 39,5 km elektr tarmoqlari o‘tkazilib, 32 dona transformator punktida qurilish va ta'mirlash ishlari bajarildi.

«Obod mahalla» Davlat dasturida belgilangan reja asosida esa 3,4 km elektr tarmoqlari o‘tkazilib, 2 dona transformator punktida rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari olib borildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 23 noyabridagi «2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yanada modernizatsiya qilish va yangilash dasturi to‘g‘risida»gi PQ–2661-sonli qaroriga muvofiq joriy yilning 1-choragida 78,9 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 68 dona transformator punkti qurilib, 489 ta temir-beton tayanch o‘rnatildi.

Yuqoridagi bajarilgan ishlar natijasida 9440 ta xonadonning elektr ta'minoti yaxshilanib, tarmoqlardagi texnologik yo‘qotishlar kamayishiga erishildi.

Bilamizki, iste'molchilarga elektr energiyasi uzliksizligini ta'minlash uchun hududlarda elektr quvvati kuchliroq bo‘lgan yangi transformatorlar o‘rnatish muhim ahamiyat kasb etadi. Shundan kelib chiqib, viloyatning qator tumanlarida bu boradagi ishlar tizimli olib borilmoqda.

Xususan, Gurlan tumanida joylashgan «Gurlan» podstansiyasidagi quvvati 10000 kVA bo‘lgan transformator quvvati 16000 kVA, Urganch tumani hududida joylashgan «Do‘stlik» podstansiyasidagi 6300 kVA quvvatiga ega bo‘lgan transformator 10000 kVA, Yangiariq tumanidagi «Kattabog‘» podstansiyasidagi quvvati 3200 kVA bo‘lgan transformator 4000 kVA hamda quvvati 2500 kVA bo‘lgan transformator 3200 kVA bo‘lgan transformatorlarga almashtirilishi natijasida yuqoridagi hududlarda istiqomat qilayotgan 2800 ta xonadonning elektr energiyasi yanada yaxshilandi.

Bundan tashqari transformator punktlarida 83 dona va 0,4-10 kVli 131,6 km elektr uzatish tarmoqlarida mukammal ta'mirlash ishlari bajarildi.

Mamlakatimiz Prezidentining 2019 yil 9 iyuldagi «Yoqilg‘i-energetika sohasida o‘zaro hisob-kitoblarni yanada takomillashtirish va moliyaviy barqarorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5761-sonli farmoniga asosan viloyatda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlari tizimli olib borilmoqda.

Shu kungacha viloyatda 135156 ta zamonaviy hisoblagich o‘rnatilgan bo‘lib, bunday yangi turdagi hisoblagichlar aholiga «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan bepul o‘rnatib berilmoqda. Ayni kunlarda viloyat markazi hisoblangan Urganch shahrida istiqomat qilayotgan deyarli barcha iste'molchilar xonadonlarida yangi turdagi o‘rnatilgan.   

Ma'lumki, joriy yil yurtimizda «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» deb e'lon qilindi. «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ bu borada ham keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, 1970 yilda o‘rnatilib, qariyb 50 yil mobaynida foydalanilgan ATS 49 rusumli (1949 yilda ishlab chiqarilishi boshlangan) avtomatik aloqa stansiyasi zamon talablariga javob bermay qo‘yganidan so‘ng ushbu stansiya o‘rniga dispetcherlik va shaharlararo so‘zlashuvlar, selektor yig‘ilishlarini o‘tkazishda interkompyuter raqamlari funksiyalarini bajaruvchi, zamon talablariga to‘la javob beruvchi UPATS UKSN-T-S-500 avtomatik telefon stansiyasi keltirilib, montaj va sozlash ishlari bajarildi. Zamonaviy stansiya orqali ayni kunda bo‘lim mutaxassislari qator murakkab amaliyotlarni bajarmoqdalar.

Mamlakatimizdagi bugungi epidemiologiya vaziyatga qaramay, jamiyat ishchi-xodimlari tomonidan karantin qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda faoliyat olib borilmoqda. Ya'ni jamiyat tasarrufidagi har bir korxonada dezinfeksiya ishlariga alohida ahamiyat qaratilib, xodimlarning tana haroratlari har kuni o‘lchanmoqda, ish faoliyati davomida qo‘llash uchun maxsus gigiyenik qo‘lqop, maska va antibakterial vositalar bilan ta'minlab berilmoqda.

«Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati bunday sinovli kunlarda aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash borasida belgilangan vazifalarni bajarishda davom etadi. Zero, xalq farovonligi uchun xizmat qilish jamiyat xodimlari uchun faxrdir.

«Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati

Mavzuga oid