Jahon | 23:09 / 26.04.2020
8304
2 daqiqa o‘qiladi

Dubay politsiyasi 5 metrdan haroratni aniqlovchi «aqlli» shlemlar bilan ta'minlandi

Dubay politsiyachilari «aqlli kaskalar» bilan ta'minlandi. Ushbu kaskalar 5 metr masofadan tana haroratini o‘lchashga imkon beradigan teplovizorlar bilan jihozlangan. 

REUTERS/Ahmed Jadallah

Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.

E'tiborlisi, ushbu shlem bilan bir daqiqada 200 gacha kishining haroratini o‘lchash mumkin. 

Dubay politsiyasi yangi texnologiyalar yordamida mamlakatda karantin bekor qilinib, aholi uyidan maxsus ruxsatsiz chiqish imkonini olgandan keyin koronavirusga chalinganlarni izlaydi. Endilikda BAAda soat 6dan 22 gacha erkin harakatlanish mumkin, biroq niqob taqish talabi qoldirilgan. Uni taqmaganlik uchun jarima 1000 dirhamni (250 yevro) tashkil qiladi. Shuningdek, 3 kishidan ko‘proq bo‘lib yig‘ilish taqiqlangan.

REUTERS/Ahmed Jadallah
REUTERS/Ahmed Jadallah

Shuningdek, do‘konlar va savdo markazlari ochila boshlangan. Biroq ularga 3 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar va 60 yoshdan kattalarga kirish taqiqlanadi. Restoranlar faoliyat yuritishiga ham ruxsat berilgan. Biroq ularda stollar bir-biridan kamida 2 metr uzoqlikda joylashgan bo‘lishi kerak. Kinoteatr va ko‘ngilochar markazlar hozircha yopiq qolmoqda. Shuningdek, metro o‘z ishini tiklagan. 

Shlemga qaytadigan bo‘lsak, u ikkita infraqizil kamera va yuzni tanuvchi texnologiya bilan jihozlangan. Shlem ekranida bir vaqtda 13 kishi tasvirlanadi. Agar bu odamlardan birortasida tana harorati me'yordan yuqori bo‘lsa, ogohlantirish chiqariladi. “Biz bu odamni to‘xtatish uchun tegishli choralar ko‘ramiz. So‘ngra unga tibbiy yordam ko‘rsatilib, yaqin oradagi tibbiy maskanga yetkaziladi”, deb aytgan shunday shlemdan foydalanayotgan politsiyachilardan biri. Uning ta'kidlashicha, “aqlli kaskalar” Dubayning barcha politsiya bo‘limlariga yetkazilgan.

Ushbu shlem Xitoy kompaniyalaridan biri tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, boshqa davlatlarga sotilishdan oldin u yordamida millionlab kishilar tekshirilgan. Kompaniyaning ta'kidlashicha, u bunday shlemlarga Yaqin Sharq, Yevropa, Afrika va Osiyoning bir qator davlatlaridan buyurtma olgan.   

Mavzuga oid