Jahon | 07:05 / 26.04.2020
13054
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada koronavirusga qarshi kurashdagi «ilk g‘alabadan so‘ng» odamlarga ko‘chaga chiqishga ruxsat berishmoqchi

Ispaniyada 2 maydan ko‘chada sport bilan shug‘ullanishga ruxsat berilishi mumkin. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches xabar bergan. Ispaniyada ketma-ket ikki kun kasallik aniqlanganlar soni sog‘ayganlar sonidan kam bo‘ldi va Sanches buni «koronavirus ustidan qozonilgan ilk g‘alaba», deb atadi.

Foto: Reuters

23 aprel kuni mamlakatda 2 796 kishida koronavirus aniqlandi. Shu kuni 3 105 kishi tuzalib, kasalxonadan chiqqan. 24 aprel kuni esa 2 944 kishida kasallik aniqlangan bo‘lsa, tuzalganlar soni 3 353 nafarni tashkil qildi. Bu Ispaniyada kasallik ortga chekinayotganidan darak beradi deb baholandi.

«Sizga shuni ma'lum qilmoqchimanki, o‘zgarishlar shu kabi ijoyib davom etsa, 2 maydan fuqarolarga ko‘chada sport bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi. Shuningdek, birga yashaydigan odamlar sayrga chiqishlari mumkin bo‘ladi», degan mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches.

26 apreldan mamlakatda qator plyajlar olti haftalik tanaffusdan so‘ng ochilishi kutilmoqda. Masalan, Kosta del Solda ota-onalar o‘z farzandlari bilan borishlari mumkin bo‘ladi. Marbelya va Mixas sohillarida ham odamlarga sayr qilishga ruxsat beriladi. Bu haqda Daily Mail xabar bergan.

26 aprel 04:00 holatiga ko‘ra, Ispaniyada koronavirus yuqtirganlar soni 224 mingni tashkil etadi va mamlakat bu borada faqat AQShdan ortda qolmoqda. Ulardan 96 mingga yaqini tuzalgan bo‘lsa, 22 mingdan ortiq ispaniyalik virus sabab halok bo‘lgan.

Mamlakatda keskin karantin choralari joriy etilgan va odamlar har kuni 09:00dan 21:00gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida faqat bir soat uylaridan 1 km uzoqlikda sayr qilishlari mumkin. 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga esa kattalarsiz ko‘chada yurish taqiqlangan.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid