Jamiyat | 12:08 / 28.04.2020
8570
4 daqiqa o‘qiladi

Bojxonachilar «gashish» operatsiyasini fosh etishdi

Tezkor tadbir davomida ushbu shaxslardan olib qo‘yilgan gashishning umumiy miqdori 113.25 gr.ni tashkil qildi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Respublika huquqni muhofaza qiluvchi idoralari o‘zaro hamkorlikda narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga doir navbatdagi qonunbuzarlik holatlarini fosh qilishdi. 

Davlat bojxona qo‘mitasi Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati vakillari bilan hamkorlikda poytaxtimizning Sergeli tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan 2 nafar fuqarolar to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Ko‘zdan kechirish jarayonida fuqaro X.A.ning cho‘ntagidan 5 dona qog‘oz o‘ramlariga joylangan gashish giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi. Fuqaro B.B. yonidan fuqaro X.A. tomonidan narkotik moddalarni sotib olish evaziga berilgan 2 mln. 827 ming so‘m hamda 200 AQSh dollari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi

Tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur fuqarolarning Sergeli va Yangiyo‘l tumanlaridagi  xonadonlari ham belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, bu yerda ham 2 dona yelim o‘ramlarda gashish giyohvandlik vositasi saqlanayotgani aniqlandi.

Tezkor tadbir davomida ushbu shaxslardan olib qo‘yilgan gashishning umumiy miqdori 113.25 gr.ni tashkil qildi.

Shuningdek, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda gashish giyohvandlik vositasining noqonuniy muomalasi fosh etildi. 

Zangiota tumanida harakatlanayotgan “Lasetti” avtomashinasi to‘xtatilib, Davlat bojxona qo‘mitasi Milliy kinologiya markazida tayyorlangan xizmat itlari yordamida ko‘zdan kechirilganida, avtomashinada yo‘lovchi sifatda ketayotgan shaxs – fuqaro Ya.Sh.ning o‘rindig‘i ostidan  ushbu fuqaro tomonidan yashirib qo‘yilgan 1 dona polietilen paketga o‘ralgan 58,99 gramm bo‘lgan “gashish” giyohvandlik moddasi hamda narkotik moddalarni sotib olish uchun ko‘zlangan 1050 AQSh dollari borligi aniqlandi.

Ma'lum bo‘lishicha, fuqaro Ya.Sh. mazkur giyohvandlik moddalarini ukasidan olgan, ukasiga esa Andijon viloyatidan fuqarolar M.R. va L.A. yetkazishgan.

Tezkor tadbir davomida ushbu shaxslar vaqtincha istiqomat qilayotgan Yakkasaroy tumanidagi xonadon ham xolislar ishtirokida va amaldagi tartiblarga asosan ko‘zdan kechirildi. 

Bu yerda esa  giyohvandlik moddalarini iste'mol qilishda foydalanilgan maxsus ishlov berilgan jismlar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Ta'kidlash joizki, respublika bojxonachilari tomonidan yil boshidan buyon hozirga qadar aniqlangan 115 ta qonunbuzarlik holatlarida og‘irligi 22 kg.dan ortiq, shuningdek, 4888 ta tabletka ko‘rinishidagi giyohvandlik vositalarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududdagi aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Mavzuga oid