O‘zbekiston | 19:50 / 02.05.2020
92435
2 daqiqa o‘qiladi

«Eng muhimi, o‘zlaringiz sog‘-salomat, bolalaringiz yoningizda ekan». Prezident suv chekingach uylariga qaytgan odamlar bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv omborida yuz bergan favqulodda vaziyat sababli Sirdaryo viloyatida bo‘ldi. Prezident suv toshqiniga birinchi bo‘lib duch kelgan Sardoba tumanidagi «Navoiy» mahallasini borib ko‘rdi.

Hukumat komissiyasi mutasaddilari amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.

«Prezidentimiz mahalla bo‘ylab yurib, yuzaga kelgan ahvol bilan yaqindan tanishdi. Hududni puxta tozalab, dezinfeksiya qilish, qat'iy sanitar-epidemiologik nazoratni ta'minlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tez fursatlarda, lekin sifatli tiklash bo‘yicha topshiriqlar berdi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shavkat Mirziyoyev suv chekinganidan keyin o‘z mahallasiga qaytgan odamlar bilan muloqotda bo‘lib, talafot ko‘rgan joylarda turmush sharoitlari tez kunlarda tiklanishi, aholiga har tomonlama ko‘mak berilishini ta'kidladi.

«Shunday og‘ir paytda hammamiz sizlarning yoningizdamiz. Avvalo, har bir mahallaga kirib, o‘t o‘chirish mashinalari yordamida suvni qochiramiz. Qurilish, ta'mirlash va yangi uylar barpo etish bo‘yicha xalq bilan masalahatlashib ish tutamiz. Hammasini sekin-sekin joyiga qo‘yamiz. Fermerlarning masalasi ham dalasiga chiqqan holda hal etiladi. Eng muhimi, o‘zlaringiz sog‘-salomat, bolalaringiz yoningizda ekan. Ko‘ngilni to‘q qilinglar. Xudoga iltijo qilamizki, bizga madadkor bo‘lsin, oxirgi ko‘rganimiz shu bo‘lsin», dedi prezident.

 

Prezident Sardobada suv toshqiniga birinchi bo‘lib duch kelgan mahalla ahli bilan uchrashuvda: «Bir narsaga ishoninglar: hammasi yaxshi bo‘ladi. Ko‘ngilni to‘q qilinglar. Xudoga iltijo qilamizki, bizga madadkor bo‘lsin, oxirgi ko‘rganimiz shu bo‘lsin»

Posted by Kun.uz on Saturday, May 2, 2020

Prezident Oqoltin tumanidagi «Shodlik» mahallasi va Mirzaobod tumanidagi «Haqiqat» mahallasi tutash hududda ham bo‘ldi.

Mavzuga oid