O‘zbekiston | 21:23 / 07.05.2020
34041
9 daqiqa o‘qiladi

Hududlarni rivojlantirish bo‘yicha uchta yo‘nalish belgilab berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 may kuni Andijon, Navoiy hamda Surxondaryo viloyatlari tuman va shaharlarining iqtisodiy salohiyatini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Davlat rahbari joylarga chiqib, aholi bilan gaplashib, belgilanayotgan chora-tadbirlarning dolzarb va amaliy bo‘lishiga katta e'tibor qaratmoqda. 

«Shuncha sa'y-harakatlarimiz, qabul qilayotgan qarorlarimiz qishloqdagi oddiy odamlar hayotiga nima o‘zgarish olib kirayapti, daromadi ko‘paydimi, ishga joylashdimi, bolasi o‘qishga kirdimi, uyli-joyli bo‘ldimi, to‘yib ovqatlanayaptimi, toza suv ichyaptimi, degan savollar meni juda qiynaydi. Bu barcha darajadagi rahbarlar xalqimiz oldida javob berishi kerak bo‘lgan eng asosiy savollardir», dedi prezident.

Markazdagi rahbarlar qarorlar qabul qilishda hokimlarning umumiy hisobotlari bilan kifoyalanib qolayotgani tanqid qilinib, bundan buyon hududlarga oid har bir masalani aniq tuman, qishloq, mahalla, soha va korxona kesimida, muammoning eng quyidagi ildizigacha tushib, uni hal qilish zarurligi ta'kidlandi. Dasturlar ishlab chiqishni har bir qishloqdan boshlash, qaysi qishloqda qaysi yo‘nalishni rivojlantirish, bunga qancha mablag‘ ajratish kerakligini aniq ko‘rsatish talabi qo‘yildi.

Masalan, Surxondaryoda 55 mingta, Andijonda 41 mingta, Navoiy viloyatida 14 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish lozim. Kichik korxonalarni ko‘paytirish, hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish orqali aholi farovonligini oshirish zarur.

Yig‘ilishda buning uchun uchta yo‘nalishdagi ishlarga qo‘shimcha turtki  berish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Birinchi yo‘nalish – sanoatni rivojlantirish, mavjud xomashyoni chuqur qayta ishlash, har bir tuman, qishloq va mahallani ixtisoslashtirish. 

Andijon, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida ishlab chiqarishning asosiy qismi bitta tarmoqqa yoki respublika tasarrufidagi korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Jumladan, Andijonda sanoat ishlab chiqarishning 69 foizini mashinasozlik, Navoiyda esa 72,5 foizini kon-metallurgiya tashkil etadi. Surxondaryo sanoatining mamlakatdagi ulushi atigi 1,5 foiz, yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi esa atigi 8 foiz bo‘lib, respublikada eng past ko‘rsatkichlardan biridir.

Yig‘ilishda ushbu hududlarda sanoat tarmoqlarini diversifikatsiya qilish uchun barcha imkoniyatlar borligi ta'kidlanib, bu boradagi chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida tashabbuskorlarga 32ta tikuv-trikotaj korxonasi uchun joy ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Bu korxonalarda 6,5 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Buloqboshi tumani tog‘ hududidagi konlarni o‘zlashtirib, qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, Oltinko‘l tumani «Ijtimoyat» mahallasida mebel tayyorlashni sanoat darajasiga olib chiqish mumkinligi qayd etildi.

Asaka tumanidagi avtomobil zavodi yaqinida, unumdorligi past yerlarda kichik sanoat zonasi tashkil etib, butlovchi qismlar ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Navoiy viloyati Nurota tumanidagi «Suvliq Granit» konining elektr tarmog‘ini rekonstruksiya qilish orqali «Istiqlol» mahallasidagi 450 nafar aholini ish bilan ta'minlash mumkin. Tomdi tumanida fosforit, shisha, sement, pardozbop qurilish toshlari va ohaktosh zaxiralari mavjud. Uchquduq tumanida qayta geologik o‘rganishlar o‘tkazilsa, yana ko‘p imkoniyatlar ochiladi.

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida gilamdo‘z hunarmandlar bor. Bandixon tumanida esa gilam uchun zarur xomashyo – qo‘y va echki  juni ko‘p. Mazkur qo‘shni tumanlar o‘rtasida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish orqali yiliga 85 tonna jun va terini qayta ishlash mumkin.

Oltinsoy tumanida elektr ta'minoti yaxshi emasligi sababli yiliga yetishtirilayotgan 80 ming tonna uzum va 13 ming tonna g‘allani qayta ishlash imkoni cheklanmoqda. Shuningdek, u yerda qurilishda talab bo‘lgan 10 million tonna pardozbop tosh zaxirasi mavjud.

Davlat rahbari shu kabi ko‘plab imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga Andijon, Navoiy va Surxondaryoda 33 gektar yer va 5,3 ming kvadrat metrli bo‘sh binolarda 10 ta yangi kichik sanoat zonasi tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Ikkinchi yo‘nalish – joylarda investitsion va turistik salohiyatni oshirish, servis xizmatlarini yaxshilash uchun infratuzilma obektlarini rivojlantirish.

Yig‘ilishda Andijon, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida bu boradagi holat tumanlar kesimida tahlil qilindi.

Misol uchun, Xonobod shahrining xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Andijon viloyatidagi ulushi bor-yo‘g‘i 1 foizni tashkil etadi. Aslida u yerdagi yerosti ma'danli suvlarini o‘zlashtirish orqali sog‘lomlashtirish turizmini yo‘lga qo‘yish, shifobaxsh suv ishlab chiqarish imkoniyati bor.

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi To‘dako‘l suv ombori hamda Navbahor tumanidagi «Sarmishsoy» hududiga olib boruvchi yo‘llarni ta'mirlash va turistik zonalar tashkil etish orqali ularga sayyohlar oqimini bir necha barobar ko‘paytirish mumkin.

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida birorta bozor yo‘q. Bundan tashqari, tuman hududidan o‘tgan «Manguzar-Termiz-Denov» avtomobil yo‘lida zamonaviy savdo va xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etsa bo‘ladi.

Yig‘ilishda xizmat ko‘rsatishning shu kabi barcha zaxiralarini hisob-kitob qilib, ularni ishga tushirishga tadbirkorlarni jalb etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Uchinchi yo‘nalish – qishloq xo‘jaligida mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish va shu orqali iqtisodiy o‘sishni ta'minlash.

Andijon tumani «Mirobod» mahallasi aholisi qalampir ekib, yiliga 2 ming tonnagacha hosil olmoqa. Bundan tashqari, boshqa hududlardan yiliga 3-4 ming tonna sotib olib, qayta ishlaydi. Izboskan tumani «Yuqori Chuvama» mahallasidagi mingta xonadonda tog‘ yong‘og‘i va yeryong‘oq yetishtiriladi.

Ushbu omilkor odamlarga qo‘shimcha yer ajratish orqali mahsulotlarni qayta ishlash va ish o‘rinlarini ko‘paytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Navoiy viloyatida 8 million gektardan ortiq yaylov yerlari bo‘lib, chorvachilikni, ayniqsa, qo‘y va echkichilikni rivojlantirish uchun katta imkoniyat mavjud. Buning uchun quduqlar qazib, yangi chorva xo‘jaliklari tashkil etish zarur. Natijada 500dan ortiq kishi mehnat bilan band bo‘ladi. Qayd etilganidek, bu chorvachilik loyihalari namuna sifatida amalga oshirilib, Navoiy tajribasi yaratiladi.

Surxondaryo viloyatining tabiiy iqlim sharoiti boshqa hududlardan farq qilib, vohada ikki-uch marta hosil olish, issiqsevar o‘simliklar yetishtirish imkoniyati mavjud.

Misol uchun, Sherobod tumani anorlariga talab yuqori. Lekin, anorzorlar atigi 32 gektarni – tumandagi ekin maydonlarining 0,1 foizini tashkil qiladi. Hosildorligi past paxta va g‘alla maydonlari o‘rnida anor plantatsiyalari barpo etilsa, 10 barobar ko‘p daromad olish, 30-40 million dollarlik mahsulot eksport qilish mumkin.

Muzrabot tumanida 2 ming, Qumqo‘rg‘on tumanida 1,2 ming gektar foydalanishdan chiqqan yerlarni o‘zlashtirib, band bo‘lmagan aholiga bo‘lib berish va ertaki mahsulotlar yetishtirishni ko‘paytirish kerakligi ta'kidlandi. Buning natijasida qariyb 4 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Yig‘ilishda asosiy va bog‘-tok qator oralariga ekin ekish, qishloq xo‘jaligi mahmulotlarini ko‘paytirib, narx-navo barqarorligini ta'minlash masalalariga yana bir bor to‘xtalib o‘tildi.

«Har bir rahbar o‘z ish uslubini o‘zgartirib, oddiy odamlarning imkoniyati va ko‘nikmalarini inobatga olib, amaliy loyihalar qilinsagina tezroq natija bo‘ladi. Qishloqda, mahallada o‘zgarish bo‘lsa, iqtisodiyot ham rivojlanadi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Videoselektor yig‘ilishida Andijon, Navoiy va Surxondaryo viloyatlari hokimlari, tarmoqlar rahbarlari hisobot berdi.

Mavzuga oid