Elboshi Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich farzandi Darig‘a Nazarboyeva rasman mamlakatning ikkinchi odami hisoblanardi. O‘tgan yil 20 mart kuni Qozog‘istonda ko‘p narsa o‘zgarib ketdi. Nazarboyev iste'foga chiqdi, o‘rnini senat raisi To‘qayev egalladi. Prezident ketgach, uning o‘rnini egallaydigan va To‘qayev prezident bo‘lib bo‘shab qolgan senat raisligi Darig‘a Nazarboyevaga topshirildi. Xalq tomonidan saylanmagan va prezident tayinlagan Nazarboyeva senatda kutilganidek boshchilik qila olmadi. Shunday bo‘lsa-da, uning iste'foga chiqarilishi kutilmagan holat bo‘ldi.

Darig‘a Nazarboyevaning nega iste'foga chiqarilgani, bu mamlakat siyosiy hayotida qanday o‘zgarish qilgani haqida uzoq gapirish mumkin. Ammo «Qozog‘istonda qo‘shhukmronlik tugadimi?», «To‘qayev endi podshohi mutlaq bo‘ldimi?», kabi nozik savollarga ekspert javob bergani tuzukroq. «Meduza» Darig‘a Nazarboyevaning iste'fosi atrofidagi voqealar haqida siyosatshunos Arkadiy Dubnov bilan intervyu uyushtirdi.

Bu vaziyat qanday paydo bo‘ldi?

– Darig‘a Nazarboyevaning iste'fosi Qozog‘istondagi hukumat topshirilishining davomi bo‘ldi. Nazarboyev iste'foga chiqar ekan Darig‘ani senat spikeri lavozimiga qo‘yib ketgandi. Bu voqea To‘qayev prezidentlikka kelishi bilan bir vaqtda sodir bo‘ldi. Ortda qolgan bir yil davomida Darig‘a davlat rahbari bilan solishtirib kelindi.

– Nazarboyev Darig‘aning senat raisiga aylanishi mojaro keltirib chiqarishini bilganmidi?

– Menimcha, Nazarboyev bunday bo‘lishini nafaqat sezgan, balki shunaqa bo‘lishini hisobga olgan ham. Nazarboyev uchun o‘rinbosari ustidan nazorat o‘rnatish muhim edi. Shu sababli mamlakatning ikkinchi raqamli odami etib aynan Darig‘a tayinlandi. Bu ish vaziyat oila uchun yomon tomonga o‘zgarsa, «kechuvda otlarni bezarar almashtirish uchun» qilindi deylik.

Darig‘aning senat tomonidan saylanmagani va otasi prezidentligi davrida prezident kvotasi asosida senatga kiritilgani avvalboshdan uning kamchiligi bo‘lib kelgan. Uni oldingi prezident qanday tayinlagan bo‘lsa, hozirgi prezident xuddi shunday olib tashlashini kutish mumkin edi. Tushunishimcha, To‘qayev shu tarzda tinch to‘ntarishning oldini oldi. Pandemiya vaqtida esa bunday xavf chindan paydo bo‘lgandi.

16 mart kuni Qozog‘istonda favqulodda holat e'lon qilindi. Yaqinda Darig‘a Nazarboyeva Konstitutsion kengashga (Qozog‘istonda Konstitutsion sud shunday ataladi) senat raisi sifatida prezidentning favqulodda holat haqidagi qaroriga qarshi chiqishga haqqi bormi yoki yo‘qligini bilish uchun so‘rov yubordi. Agar Konstitutsion sud Nazarboyevaning bunga haqqi borligini tasdiqlaganda, mamlakatda chindan qo‘shhokimlik yuzaga kelar edi.