Sirdaryodagi toshqin hududlarida kuniga 30tagacha vertolyot parvozlari amalga oshirilmoqda
«Sardoba» suv omboridagi texnogen ofatdan so‘ng hududlarda olib borilayotgan evakuatsiya-qidiruv ishlariga Mudofaa vazirligining harbiy-havo hujumidan mudofaa hamda harbiy-havo kuchlari vertolyotlari jalb etilgan bo‘lib, ular tomonidan bir kunda o‘rtacha 30tagacha parvoz amalga oshirilmoqda.
Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i podpolkovnik Bahrom Zulfiqorov 8 may kuni o‘tkazilgan onlayn brifingda ma'lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu vertolyotlardan nafaqat qutqaruv-qidiruv maqsadlarida, balki joylarga zarur texnik vositalarni yetkazib berish uchun ham foydalanilmoqda.
«Shu bilan birgalikda, ushbu vertolyot aviatsiyasi orqali aholi yashash punktlarida, sektorlarda tuman hokimlari, sektor boshliqlari hamda qo‘shinlar qo‘mondonlari bilan birgalikda parvozlar amalga oshirilib, kunlik amalga oshirilgan ishlar va ertangi kun uchun rejalashtirilgan hududlar o‘rganib borilmoqda», – dedi vazirlik rasmiysi.
Uning aytishicha, mudofaa tizimidagi tibbiyot mutaxassislari tomonidan 400dan ortiq fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatilgan, og‘ir ahvoldagi fuqarolar shifoxonaga yotqizilgan.
«Mudofaa vazirligining 11ta psixologik guruhi tashkil etilib, bu guruhlar tomonidan shu kungacha jami 40taga yaqin obektlarda 2190 nafar fuqaroning ruhiyatini mustahkamlash va ularning vahimaga, tushkunlikka tushishlarining oldini olish bo‘yicha psixologik ishlar amalga oshirib borilmoqda», – dedi Bahrom Zulfiqorov.
Mudofaa vazirligi vakili texnogen ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan boshqa choralar haqida ham axborot berdi.
Ma'lum qilinishicha, mazkur ishlarga shaxsiy tarkib hamda mingdan ortiq harbiy va maxsus texnikalar jalb qilingan. Hududlarni tozalash va dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazilmoqda; aloqa tarmoqlari va ko‘priklarni tiklash choralari ko‘rilyapti.
Navbahor va Bahoriston aholi punktlarini bir-biri bilan bog‘lovchi 50 metrlik ko‘prik yo‘lini tiklash uchun vaqtinchalik 7ta panton ko‘prik yo‘li yotqizilgan.
Mudofaa vazirligining maxsus avariya tiklash boshqarmasi mutaxassislari va Aloqa institutining kursant-mutaxassislari ishtirokida aholi yashash punktlarida aloqa tiklanmoqda, antennalar qaytadan ishga tushirilyapti.
«Kuniga kamida 3-4 km joyda transheyalar qazilib, kabellar yotqizilyapti», – dedi Zulfiqorov.
Qayd etilishicha, toshqinda nobud bo‘lgan hayvonlarning topilgan jasadlarini Mudofaa vazirligi Radiatsion, kimyoviy va biologik muhofaza qo‘shinlari va Sanitariya-epidemiologiya bo‘limi mutaxassislari tomonidan dezinfeksiya qilinib, ularni zararsizlantirib, ko‘mish ishlari ham tashkil qilingan.
Mavzuga oid
18:09 / 12.11.2024
Polsha Bosh shtabi boshlig‘i Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi
18:23 / 07.11.2024
Chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik o‘qituvchisi shtati Mudofaa vazirligiga o‘tadi
09:24 / 02.11.2024
Qozog‘istonda o‘zini o‘zi mudofaa qilish va ko‘ngillilar tuzilmalari paydo bo‘ladi
15:30 / 29.10.2024