Jahon | 20:38 / 13.05.2020
29611
7 daqiqa o‘qiladi

Xitoy rivojlanayotgan davlatlar qarzlaridan voz kechishi mumkinmi?

Pandemiya va iqtisodiy inqiroz sharoitida Xitoyning boshqa davlatlarga bergan eski qarzlarini kechib yuborishiga qaratilgan da'vatlar ko‘paymoqda. Ammo Chindan bunday marhamat ko‘rsatishini kutish o‘rinlimi?

Foto: Reuters / Kim Kyung-Hoon

Jons Hopkins universitetining siyosiy iqtisodiyot professori, Xitoy-Afrika munosabatlari bo‘yicha ekspert Debora Brautigam The Diplomat nashrida e'lon qilingan maqolasida shu haqda so‘z yuritadi.

COVID-19 inqirozi natijasida qiyin vaziyatga tushgan 90dan ziyod mamlakat yordam so‘rab Xalqaro valuta jamg‘armasiga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.

Aprel oyida Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasi har yili bahorgi muhokamalarni virtual shaklda o‘tkazdi va ikki tashkilot Xitoydek yirik kreditor mamlakatlarni past daromadli davlatlarning qarzdorlik majburiyatini yengillashtirishga chaqirdi.

Xitoy inqiroz qarshisida chorasiz qolganlarning qarzidan voz kechadimi?

Bu bo‘yicha turli qarashlar mavjud. Xitoy inqirozdan foydalanib, strategik aktivlarni egallab oladi, ko‘plab mamlakatlarga bergan qarzidan kechib yuboradi, degan taxminlar bor. Lekin bizning tadqiqotimiz bu ikkala faraz ham xato ekanini ko‘rsatmoqda.

Xitoydan qarz olgan mamlakatlar o‘sib borayotgan iqtisodiy inqiroz talafotlarini kamaytirish uchun Xitoy og‘ir vaziyatda qarz masalalarini qanday hal qilishini bilishi kerak bo‘ladi.

Xitoy past daromadli qarzlarining aksariyatini Afrika mamlakatlariga bergan. Pekin o‘zi berayotgan tashqi qarzlar haqida ma'lumotlarni e'lon qilmaydi. Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, bugun Afrika mamlakatlari tashqi qarzlarining 17 foizi Xitoy ulushiga to‘g‘ri keladi.

Jons Xopkins universitetining Xitoy-Afrika tadqiqot tashabbusi jamoasi axborotiga qaraganda, Xitoy 2000-2018 yillarda Afrikadagi 49ta hukumatga va u yerlardagi davlat kompaniyalariga umumiy qiymati 152 mlrd dollar bo‘lgan yuzlab kreditlarni ajratgan.

Kredit mablag‘larida Afrika mamlakatlarining ulushi turlicha. Misol uchun, Afrika qarzining 30 foizi (43 mlrd dollar) birgina Angola hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ammo qarzlar bo‘yicha qog‘ozdagi raqamlarda noaniqliklar bo‘lishi mumkin. Chunki Xitoy kreditori har doim ham imzo chekkan kelishuv asosida qarz ajratavermaydi. Misol uchun, 2017 yilda Xitoy Nigeriyaga axborot texnologiyalari, energetika, transport sohalaridagi loyihalar uchun 5,3 mlrd dollar berishi shartnomada aks ettirilgan. Ammo amalda kelishilgan summadan faqatgina 2,5 mlrd dollar ajratilgan.

Tadqiqotda 1980-2019 yillar davomida Xitoyning o‘nlab qarz majburiyatlari restruktizatsiyasi, yuzlab qarzdan voz kechish holatlari o‘rganib chiqildi. Xulosalar quyidagicha:

1-afsona: Xitoy tez-tez qarzlaridan voz kechadi

Yaqinda o‘tkazilgan o‘rganishlardan biri: «Xitoy qarzlaridan kechib yuborishi – odatiy hol», degan xulosani ilgari surdi. Moliyaviy tahlilchilardan biri 2000-2018 yillarda Xitoy oldidagi qarz majburiyatlari yengillashtirilgan sub'yektlarning yarmidan ko‘pining qarzi oxir-oqibatda kechib yuborilganini aytib (bu – xato), Xitoyni «tekin pul chiqaradigan mashina» deb atadi.

To‘g‘ri, 2000 yildan beri Xitoy past daromadli mamlakatlarning 4 mlrd dollardan ortiq qarzidan voz kechgan, lekin ta'kidlash kerakki, nollashtirilgan qarzlarning deyarli hammasi Xitoy kredit portfelidagi kichik kategoriyaga taalluqli – ularning aksari xorijiy mamlakatlarga ko‘mak tariqasida ajratilgan foizsiz kreditlar bo‘lib, ko‘p hollarda qarzni qaytarish muddati o‘tib ketgan bo‘lgan.

Afrika mamlakatlarining bo‘ynidagi foizsiz kreditlarning bugungi qiymati 10 mln dollar, bu – Xitoy kreditining bor-yo‘g‘i 5 foizidan kamrog‘ini tashkil qiladi.

2-afsona: Xitoy bilan qarzlar bo‘yicha muzokara olib borish qiyin emas

Xitoy qarz berishda Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasi singari iqtisodiy majburiyatlarni yuklamasligi rost, ammo qarzdorlikni yengillatish o‘z-o‘zidan bo‘ladigan jarayon emas: Xitoy Moliya vazirligi boshchiligida Savdo vazirligi, Xitoy eksport-import banki, Xitoy taraqqiyot bankidan iborat qo‘mita qarzdorlik yuki bo‘yicha yordam olishga nomzodlarning qarzlarini boshlang‘ich shartlar asosida bajara olish-olmasligini o‘rganib chiqadi.

2019 yilda Kongo respublikasi Xitoy oldidagi 1,6 mlrd dollar qiymatidagi qarzini restrukturizatsiya qildi. Ammo qarzdor mamlakatning umumiy qarzi uchun yengillik beradigan Parij klubidan farqli ravishda, Xitoy Kongoning 20ta qarz holatidan 8tasigagina yengillik bergan.

Xitoydan qarz yuklarini yengillashtirish bo‘yicha qilinayotgan talablarda bir jihat nazardan qochirilmoqda – Xitoy beradigan qarzlarning hammasi ham davlat hisobiga to‘g‘ri kelmaydi, qarz beruvchi boshqa bank va kompaniyalar ham bor. Faqatgina Afrika mamlakatlari hukumatlariga Xitoyning 30dan ortiq bank va kompaniyalari qarz bergani ma'lum.

2007 yilda Iroqning tashqi qarzlaridan voz kechishga qaratilgan BMT tashabbusiga boshqa mamlakatlar qatorida Xitoy ham qo‘shilgan edi – Iroqning Pekin hukumati oldidagi barcha qarzlaridan voz kechildi. Ammo Xitoy kompaniyalaridan tijoriy qarz shaklida olingan 8,5 mlrd dollar Iroqning bo‘ynidan soqit bo‘lmadi. Ularning 80 foizini hisobdan chiqarish uchun yana 3 yil muzokara olib borishga to‘g‘ri kelgan.

3-afsona: Xitoy kreditlardan voz kechish evaziga strategik aktivlarni egallab oladi

Tadqiqot davomida biz nafaqat Afrikada, balki dunyo miqyosida ham Xitoy qarzni qaytarish bo‘yicha qiyin vaziyatda qolgan mamlakatlarda aktivlarni musodara qilgani holatiga duch kelmadik.

Shri-Lankadagi strategik ahamiyatga ega Hambantota porti bilan bog‘liq holat haqida ko‘plab asossiz fikrlar yuradi. Gap shundaki, 2017 yilda Shri-Lankaning yangi saylangan hukumati to‘lov balansi inqiroziga duch kelgan va qarzlardan qutulish uchun qurilishini xitoyliklar moliyalashtirgan Hambantota porti xitoylik investorga 1 mlrd dollardan ortiq mablag‘ evaziga 99 yilga ijaraga berilgan. Ammo ta'kidlash joiz, Shri-Lankadagi bu to‘lov inqirozi yuzaga kelishiga sababchi Xitoy bo‘lmagan: o‘sha vaqtda mamlakatning jami tashqi qarzida Xitoyning ulushi 10 foiz atrofida edi.

Xuddi shunday holat Kongoda ham kuzatilgan. Og‘ir vaziyatda bo‘lgan Kongo Respublikasi Xitoy moliyalashtiradigan 535 km.lik avtomagistralni Kongo-Xitoy-Fransiya konsorsiumiga berishga majbur bo‘ldi. Endilikda avtomagistraldan pulli yo‘l sifatida foydalanilmoqda.

Yuqorida sanab o‘tilganlardan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, Pekin bergan qarzlarini haqiqatan ham va keng ko‘lamda yengillatishi ehtimoli kam.

Mavzuga oid