O‘zbekiston | 15:54 / 16.10.2024
14124
4 daqiqa o‘qiladi

Davlatlar zimmasidagi qarz 100 trln dollardan oshmoqda. Markaziy Osiyoda vaziyat qanday?

Xalqaro valuta jamg‘armasi prognozlariga ko‘ra, 2024 yilning oxirida dunyo davlatlarining qarz qoldig‘i 100 trln dollardan oshadi. Bu global YaIMning 93 foiziga teng. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida davlat qarzining eng yuqori miqdori qiymat jihatdan Qozog‘istonda, YaIMga nisbatan esa Qirg‘izistonda.

Foto: AFP

Dunyo miqyosida hukumatlar zimmasidagi jami qarzlar 2024 yilning oxirida 100 trln dollardan oshadi. Bu – global YaIMning taxminan 93 foiziga teng.

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) prognozlariga ko‘ra, 2030 yilga borib umumiy davlat qarzlari global YaIMning 100 foiziga yetishi mumkin. Mutaxassislar istiqbolda qarz yuki prognoz qilinganidan ham yuqori bo‘lishi mumkinligidan qo‘rqishyapti. Uni barqarorlashtirish yoki kamaytirish taxmin qilinganidan ancha katta moliyaviy tuzatishlarni talab qilishi mumkin.

Ko‘pgina mamlakatlar uchun fiskal prognoz uchta sababga ko‘ra kutilganidan yomonroq bo‘lishi mumkin: xarajatlarni oshirish uchun jiddiy siyosiy va ijtimoiy bosim, qarz darajasi bo‘yicha asossiz optimistik prognozlar va katta miqdordagi soyadagi qarzlar.

Tendensiya sabablari

XVJga ko‘ra, davlatlar demografik o‘zgarishlar va sog‘liqni saqlash, yashil iqtisodiyotga o‘tish va iqlim o‘zgarishiga moslashish, shuningdek, geosiyosiy keskinlik kuchayib borayotgan bir sharoitda mudofaa va energiya xavfsizligiga ko‘proq mablag‘ sarflayapti. Ushbu omillar qarz miqdorining oshib borishiga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatyapti.

Shu nuqtayi nazardan keyingi 5 yillik davrda global qarz miqdori YaIMga nisbati prognoz qilinganidan o‘rtacha 10 foizga yuqori bo‘lishi mumkin. Eng yomon ssenariyda esa global davlat qarzi uch yil ichida jahon YaIMning 115 foizini tashkil etadi, bu hozirda prognozlardan 20 foizga yuqori.

XVJ hisobotiga ko‘ra, garchi mamlakatlarning uchdan ikki qismida qarz barqarorlashishi yoki kamayishi kutilayotgan bo‘lsa-da, baribir qarz yuki pandemiyaga qadar taxmin qilingandan ancha ko‘p. Davlat qarzi AQSh, Buyuk Britaniya, Braziliya, Fransiya, Italiya va Janubiy Afrika kabi mamlakatlarda o‘sishda davom etishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining davlat qarzi qancha?

Joriy yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi ilk marta 37 mlrd dollardan oshdi. So‘nggi yillarda mamlakat tashqi qarzining o‘sish sur’ati keskin tezlashdi. Masalan, 2017 yil yakunlari bo‘yicha davlat qarzi 11,6 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilning oxiriga kelib 34,9 mlrd dollarga yetdi yoki 3 barobarga oshdi.

2024 yil 1 yanvar holatiga, Markaziy Osiyo davlatlarining davlat qarzi miqdori va uning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi quyidagicha:

  • Qozog‘iston – 59,8 mlrd dollar, YaIM ($259,3 mlrd)ning 23 foizi;
  • O‘zbekiston – 34,9 mlrd dollar, YaIM ($101,6 mlrd)ning 34,4 foizi;
  • Qirg‘iziston – 6,2 mlrd dollar, YaIM ($13,7 mlrd)ning 45,2 foizi;
  • Tojikiston – 3,6 mlrd dollar, YaIM (12,1 mlrd)ning 30,2 foizi;
  • Turkmaniston – taxminan 3,8 mlrd dollar, YaIM ($75,4 mlrd)ning 5 foizi.

“Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, O‘zbekiston davlat qarzining maksimal miqdori YaIMga nisbatan 60 foizdan oshmasligi belgilangan.

Bu chegara Qozog‘istonda 27 foizni, Qirg‘izistonda 70 foizni tashkil etadi. Tojikistonga esa 60 foizdan oshirmaslik tavsiya etilgan. Turkmaniston haqida ishonchli manbalarda ma’lumot uchramaydi.

Mavzuga oid