Jahon | 11:15 / 18.05.2020
36201
9 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichlari qanday hisoblanishi kerak? Rossiya qanday hisoblamoqda?

Rossiyada koronavirusdan vafot etish ko‘rsatkichi dunyodagi umumiy ko‘rsatkichlardan pastligi turli mish-mishlarni keltirib chiqardi. AQSh nashrlari, xususan Bloomberg bu masalaga alohida e'tibor qaratib, biroz oshirib ham yubordi. Rossiya tomoni ham bu masalaga munosabat bildirdi. Umuman, koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichi qanday hisoblanishi borasida aniq belgilangan tartib mavjud emasligi statistikalarda farqni keltirib chiqarmoqda.

Foto: Mixail Metsel/TASS

«Nega virus ko‘proq ruslarni o‘ldirmayapti?»

Bloomberg jurnalistlari ekspertlarda Rossiyadagi o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha savollar borligi haqida materialga dastavval juda qo‘pol sarlavha tanlashdi: «Ekspertlar virus nega ko‘proq ruslarni o‘ldirmaganini bilishni xohlamoqda». Keyinroq bu kurakda turmaydigan sarlavha o‘zgartirildi: «Ekspertlar Rossiyada koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha savol bermoqda».

Maqolada Rossiyada o‘lim ko‘rsatkichi kasallik yuqtirganlar soni ko‘p bo‘lgan mamlakatlar orasida eng past (0,9 foiz) ekaniga e'tibor qaratilgan. Shuningdek, JSST Rossiya bilan o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha muzokara olib borayotgani ham yozilgan. Xususan, JSSTning Rossiyadagi vakili Melita Vuynovichning tashkilot Rossiyadagi vaziyat mahalliy hukumat bilan birgalikda muhokama qilinayotgani haqidagi gapi misol qilib keltirilgan. Vuynovich o‘lim holatlarini aniqlashda kamchiliklar bo‘lgan yoki bo‘lmagani tekshirilayotganini aytgandi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bu holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

«Bloomberg agentligining «Nega koronavirus ko‘proq ruslarni o‘ldirmadi?», deb sarlavha qo‘yishi ajablanarli. Odamlar uchun eng og‘ir bo‘lgan holatlar haqidagi ma'lumotdan geosiyosiy o‘yinlar yo‘lida foydalanishga urinayotganlar bu ish bilan kimgadir yoqishga urinayotgan bo‘lsa, yana kimlarnidir o‘zini bosolmay qolishiga sabab bo‘lmoqda», degan Lavrov.

Yana bir qator nashrlar Rossiyadagi o‘lim holatlari borasida maqolalar e'lon qilishgandi. Masalan, 12 may kuni Financial Times Rossiyada koronavirus qurbonlari rasman e'lon qilinganidan 70 foizga ko‘proq bo‘lishi mumkinligini yozgandi. New York Times ham o‘lim ko‘rsatkichi rasmiy ma'lumotlardagidan ko‘proqligini taxmin qilgan.

Rossiya tomoni esa koronavirusdan o‘limlar ko‘rsatkichini kamaytirib aytishdan manfaatdor emasliklarini ta'kidlashmoqda. Ayni damda Rossiyada kasallanganlar soni 281 mingdan oshib ketgan bo‘lib, ularning 2,6 mingdan ko‘prog‘i vafot etgan. Kasallik yuqtirganlar soni bo‘yicha Rossiya AQShdan keyin ikkinchi o‘ringa chiqdi. Rossiyada koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichi butun dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 7,6 baravar kam.

«Sizni ishontirib aytishim mumkinki, Rossiya hukumati bu borada haqiqatni yashirishni istaydiganlar orasida yo‘q, bo‘lganida ham eng oxirgi o‘rinda turgan bo‘lardi», degan Sergey Lavrov bu borada. Rossiya tashqi ishlar vaziri jurnalistlar bunday ma'lumotlarni e'lon qilganliklari uchun javob berishlari kerak deb hisoblaydi.

O‘limlar soni qanday hisoblanishi kerak?

O‘z navbatida savol tug‘iladi: koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichi qanday hisoblanishi kerak? JSST bu borada aniq ko‘rsatmalar taqdim etmagan. Tashkilot avval global tekshiruvlar o‘tkazish kerakligini ma'lum qilgan. Dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan keng miqyosdagi surishtiruvlardan keyingina bu borada aniq fikr bildirish mumkin.

Ya'ni, koronavirus sabab o‘ldi degan tashxis qayerda boshlanib qayerda tugashi borasida 100 foiz aniq ko‘rsatma mavjud emas. Masalan, bir kishi koronavirus yuqtirdi va ko‘p o‘tmay avtohalokatda o‘ldi. U koronavirus qurbonlari qatoriga kiritiladimi yo‘qmi bu borada aniq tavsiya yo‘q. Yoki bo‘lmasa, yuragi xuruj qilgan odam koronavirus yuqtirgan bo‘lib vafot etsa, u rasman virusdan o‘lgan deyiladimi, yurak yetishmovchiligidanmi? Bu savol ham aniq, yagona javobga ega emas.

Koronavirus yuqtirgan odamning immuniteti avtomatik tarzda pasayib ketadi. Bu esa organizmdagi boshqa kasalliklarga ham tanani yemirish uchun «qulay imkoniyat yaratib beradi». Yoki bo‘lmasa, butun dunyodagi vahimani ko‘rgan odam koronavirus yuqtirganini eshitib, vahimadan o‘lib qolishi ham hech gap emas. Tanasini qo‘rquv qoplagan odam esa har qanday kasallikdan o‘lishi mumkin. Koronavirus endi-endi dunyoga tarqala boshlagan vaqtda uning o‘lim darajasi grippnikidan pastroq ekani rosa eslandi va shunda grippdan ham ko‘p odam o‘lishini bildik.

Axir siz-u biz har yili bir necha martalab tanamizda o‘tkazib yuboradigan kasallik qanday qilib odamlar o‘limiga sabab bo‘ladi? Bu savolga ham immunitet sabab deb javob berish mumkin. Ya'ni, gripp bo‘lgan odamda immuniteti tushib ketib, boshqa xavfliroq kasallik uni o‘ldirishi mumkin. Shu tariqa o‘lganlarning hammasi ham gripp qurbonlari qatoriga qo‘shilmaydi. Koronavirus ham shunday, uning aniq qurbonlarini aniqlash murakkab.

Albatta, o‘pkani virus yemirib, nafas olish qiyinlashib, tinimsiz yo‘talish kabi 100 foiz koronavirusga tegishli alomatlar bilan halok bo‘lganlar, shubhasiz, koronavirus qurbonlari qatorida qayd etiladi. Ammo virus yuqtirgan va shundog‘am surunkali kasalligi borlarning vafot etishi statistikani hisoblashda qiyinchilik tug‘dirishi mumkin.

Hamma davlatlarda qurbonlar sonini hisoblashda har xil yo‘l tutilmoqda. Masalan, Belgiyada virus yuqtirib keyinchalik har qanaqasiga o‘lganlar koronavirusdan o‘lgan deb hisoblanmoqda. Shu sababli, bu davlatda o‘lim ko‘rsatkichi yuqori. Balki Rossiyada faqat va faqat koronavirus alomatlari bilan o‘lganlarni virus qurbonlari qatoriga kiritishayotgan va surunkali kasalligi borlar, ahvoli shundoq ham og‘ir bo‘lgan qariyalar koronavirus yuqtirib vafot etishsa, ularni ro‘yxatga kiritishmayotgandir?

Virus qurbonlari sonini yashirishdan nima foyda?

Foto: Reuters

Virusga chalinganlar yoki uning qurbonlari sonini yashirishdan mamlakatlar qandaydir foyda ko‘rishi qiyin. Masalan, Xitoy kasallik haqida dastlabki ma'lumotlarni yashirganini iddao qilayotgan AQSh ertaga bu hozircha faqat faraz bo‘lgan taxminni asos qilib, Chin o‘lkasiga yangi sanksiyalar kiritishi, Xitoy mahsulotlariga yangi bojlar joriy etishi hech gap emas.

Kasallik sonini yashirish orqali davlatlar hech narsaga erisha olmaydi, qaytaga ularda boshqa mamlakatlar bilan taqqoslaganda farqli raqamlar bo‘lishi odamlarning shubhalariga asos bo‘ladi va bu davlatning dunyodai mavqeyiga putur yetadi. Masalan, Tojikiston uzoq vaqt (29 aprelgacha) mamlakatda virus yo‘qligini aytib, odamlariga maqtanib yurdi, ammo JSST mutaxassislari kelishidan bir kun avval birato‘la o‘nlab kishilarda virus aniqlangani e'lon qilindi. Bugungi kunda Tojikistonda kasallik jadallik bilan ko‘payib bormoqda va ko‘pchilik kasallik kamida bir oy oldin mamlakatga kirib kelgan deb hisoblaydi.

Bir narsa aniq – virus yuqtirganlar soni mamlakatdagi tibbiyot holatini ko‘rsatib bermaydi. Masalan, AQShda virus yuqtirganlar soni 1,6 milliondan oshgani bu mamlakatda tibbiyot kuchsiz degani emas. Ular juda ko‘p testlar o‘tkazishdi va shuning evaziga kasallik aniqlanganlar soni yuqori. Albatta, karantin kech joriy qilinganini ham unutmaslik kerak.

Vaqtida karantin kiritmay, xavfsizlik chorasini ko‘rmaganlar keyinchalik og‘ir ahvolga tushib qoldi. Bunga Tojikiston, Belarus, Shvetsiya va Braziliyani yaqqol misol qilib keltirish mumkin. Shu o‘rinda kichik bir mulohaza. Dunyo duch kelgan eng katta sinovga aylangan koronavirus vaqtida odamlarni faqat bir narsa tinchlantirishi mumkin: hammasini boricha aytish. Ma'lumotlarni yashirgan, odamlarni hammasi yaxshi ekaniga ishontirishga uringanlar keyinchalik o‘z mamlakatlariga qanchalik vahimaga sabab bo‘lganlarini vaqt ko‘rsatib qo‘ydi.

Mavzuga oid