Rossiyada koronavirusdan o‘lim kam kuzatilayotganini Rospotrebnadzor rahbari Anna Popova bir necha bor ta'kidlab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday natijaga «[bemorlarni] o‘z vaqtida aniqlash va o‘z vaqtida davolash» tufayli erishilgan.
«Rossiya Federatsiyasida yangi koronavirus infeksiyasidan o‘lim darajasi dunyo miqyosidagi ko‘rsatkichdan 7,6 baravar past. Moskvada bu ko‘rsatkich dunyoga nisbatan 6,8 baravar kam», dedi bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova 12 may kuni.
Aprel oyida Rossiyada 1145 kishi koronavirusdan vafot etdi. O‘lim holatlarining yarmidan ko‘pi Moskvada qayd etilgan, poytaxtda Covid-19'dan 642 kishi vafot etgan.
- So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiyada koronavirusdan zararlanish holatlari soni 242 271ga yetgan, shundan 2212 kishi vafot etgan.
10 may kuni mutaxassislar Moskvadagi umumiy o‘lim holati to‘g‘risidagi yangi xabarlarga e'tibor qaratishdi. FHDYo ma'lumotlariga ko‘ra, aprel oyida poytaxtda 11,8 mingdan ortiq odam vafot etgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning apreliga nisbatan 18 foizga ko‘p, shuningdek, 2010-2019 yillarda bu oydagi o‘rtacha o‘lim ko‘rsatkichidan 20 foizga ko‘proq.
Yanada aniqlik kiritiladigan bo‘lsa, aprel oyida o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan deyarli 2 mingta ko‘p o‘lim ro‘yxatga olingan. Ammo agar ushbu oyda Covid-19'dan faqat 642 kishi o‘lgan bo‘lsa, unda yana 1,4 mingta o‘lim qayerdan paydo bo‘lgan?

«Rossiya hukumati statistikani boshqarmaydi», dedi Golikova 12 may kuni.
Buning sababi Rossiya hukumati boshqa mamlakatlarga qaraganda koronavirusdan o‘limni hisoblashda biroz boshqacha usuldan foydalanayotgani bo‘lishi mumkin. BBC'ning rus xizmati farq nimada ekanligini izohlagan.
Qanday hisoblash kerak?
Turli mamlakatlarda koronavirusdan o‘limni taqqoslash farqli hisoblash usullari tufayli oson ish emas. Masalan, Belgiya Covid-19 o‘limi bo‘yicha yakuniy statistikaga shunchaki koronavirus infeksiyasi borligiga shubhalanilgan holatlardagi o‘limni ham qo‘shadi. Natijada, Belgiyada koronavirus o‘limiga oid ma'lumotlar boshqalarga qaraganda ancha yuqori - 53 mingdan oshiq holat va 8,8 mingdan oshiq o‘lim.
Aksariyat mamlakatlar esa statistikaga koronavirus uchun testi ijobiy bo‘lgan va vafot etgan bemorlarning barchasini kiritishadi. Ya'ni, nafaqat to‘g‘ridan to‘g‘ri koronavirusdan vafot etgan bemorlar, balki Covid-19 bilan birgalikda boshqa surunkali kasallikdan aziyat chekkan bemorlar ham hisobga olinadi.








