O‘zbekiston | 17:16 / 26.05.2020
16306
2 daqiqa o‘qiladi

Adliya vaziriga yana bir o‘rinbosar tayinlandi

Bahrom To‘lqinovich Ko‘chqorov prezident qaroriga muvofiq adliya vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi 

Bahrom Ko‘chqorov 1972 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan, ma'lumoti oliy, 1994 yilda Toshkent davlat yuridik institutini, 1998 yilda Vashington huquq kollejini (AQSh), 1999 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan, mutaxassisligi yurist, iqtisodchi. 

U o‘z mehnat faoliyatini 1994 yilda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Iqtisodiy islohotlar bo‘yicha qonun va normativ hujjatlar loyihalarini tayyorlash va huquqiy ekspertiza qilish boshqarmasi katta maslahatchisi lavozimidan boshlagan.

U o‘z vaqtida prezidentning siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari — prezident Yuridik xizmati rahbari ham bo‘lgan.

U 2017 yildan O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan, 2020 yil 5 martida esa Namangan shahrining sobiq hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov uning o‘rnini egallagandi.

Bundan avvalroq Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Muzraf Ikramov Adliya vaziri o‘rinbosari etib tayinlangani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 19 may kungi 5997-sonli farmoniga ko‘ra, Intellektual mulk agentligi direktori va Toshkent davlat yuridik universiteti rektori bir paytning o‘zida adliya vaziri o‘rinbosari bo‘lishi tartib bekor qilindi. Natijada agentlik direktori To‘lqin Abdusattorov hamda TDYuU rektori Rahim Hakimov vazir o‘rinbosari lavozimini tark etdi.

Prezident farmoni bilan tugatilgan lavozimlar o‘rniga ikkita yangi o‘rinbosarlar lavozimi ochilgandi. Bugungi tayinlovlar aynan mana shu 2ta yangi bo‘sh lavozimni to‘ldirdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish