O‘zbekiston | 08:14 / 27.05.2020
2417
6 daqiqa o‘qiladi

Konsullik yig‘imlari tarifini AQSh dollari kursiga nisbatan qayta hisoblash tartibi tasdiqlanadi

Konsullik harakatlarini bajarish bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirish va kelib tushgan pul mablag‘laridan foydalanish hamda konsullik yig‘imlari tarifini AQSh dollari kursiga nisbatan qayta hisoblash tartibi tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikaci Moliya vazirligining “Konsullik harakatlarini bajarish bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirish va kelib tushgan pul mablag‘laridan foydalanish hamda konsullik yig‘imlari tarifini AQSh dollari kursiga nisbatan qayta hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Nizom Konsullik harakatlarini bajarish bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirish va kelib tushgan pul mablag‘laridan foydalanish hamda hisobini yuritish, shuningdek, AQSh dollarida belgilangan konsullik yig‘imlarini boshqa erkin almashtiriladigan valutaga hamda O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari uchun ular joylashgan mamlakatining milliy valutasiga nisbatan tarifini qayta hisoblash tartibini belgilaydi.

Haqiqiy xarajatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

pochta, telegraf, telefon, teleks, faksimil va modem aloqalari;

kanselyariya mollarini xarid qilish;

transport xarajatlari;

O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasalari xodimlarining konsullik harakati bajariladigan joyga xizmat safariga yuborilishi;

shoshilinch konsullik harakatlari amalga oshirish;

blankalar sotib olish va tayyorlash, shu jumladan viza blankasi;

boshqa xarajatlar (saqlash, mulk qidirish, sotish va b.).

Haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar konsullik harakatlari bajarilganda undiriladi. Shu bilan birga, xarajat miqdori quyidagi o‘lchamlardan oshmasligi kerak:

O‘zbekiston Respublikasi vizasini rasmiylashtirish uchun – 45 AQSh dollari;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning biometrik harakatlanish hujjatini rasmiylashtirish uchun – 20 AKSh dollari;

fuqarolik masalalari bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish uchun – 30 AQSh dollari;

fuqarolarni ro‘yxatga olish uchun – 25 AQSh dollari;

hujjatlarni legallashtirish va notarial harakatlarni amalga oshirish uchun – 15 AQSh dollari.

boshqa konsullik xizmatlari uchun – 20 AQSh dollari.

Haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘im miqdorini hisoblash har bir O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasasi uchun ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari, xorijiy davlatdagi tovarlar va xizmatlarning qiymati va boshqa holatlarni (tenglik prinsipi va b.) hisobga olgan holda, lekin mazkur Nizomning 4-bandida ko‘rsatilgan miqdordan ko‘p bo‘lmagan tarzda amalga oshiriladi. Haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imning aniq miqdorlari O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasasi rahbari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi.

Agar haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘im Nizomning 4 va 5-bandlarida belgilangan tartibdagi yig‘im miqdoridan oshib ketgan taqdirda (masalan, konsullik mansabdor shaxsining transport, kunlik, uy-joy ijarasi va boshqa xarajatlari), O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasasi rahbari arizachi bilan kelishgan holda haqiqiy xarajatlar o‘rni to‘liq qoplanguniga qadar yig‘im miqdorini oshirish huquqiga ega.

Haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imi, ariza beruvchining konsullik yig‘imlaridan ozod qilinishi yoki unga nisbatan kamaytirilgan tarif belgilanganidan qat'iy nazar, to‘la hajmda amalga oshiriladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.

Haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘im, konsullik yig‘imi bilan bir vaqtda AQSh dollarida, boshqa erkin almashtiriladigan valutada yoki O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasasi joylashgan xorijiy davlatning milliy valutasida (milliy valuta erkin almashtiriladigan valuta bo‘lmagan joylarda) O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq yoki o‘zarolik tamoyiliga rioya etgan holda amalga oshiriladi. Haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan tushgan yig‘im mablag‘lari hisob kitobi konsullik yig‘imi sifatida tushgan mablag‘lardan alohida amalga oshiriladi.

Ariza beruvchilardan (konsullik harakatidan manfaatdor shaxslar) haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘im sifatida kelib tushgan barcha mablag‘lar o‘rni qoplanayotgan xarajat turi ko‘rsatilgan holda kirim orderlari bilan rasmiylashtirilishi va O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasasining kassasiga kirim orderlariga to‘lov kvitansiyasi ilova qilingan holda yig‘ma hisobot topshiriladi.

Konsullik harakatlari amalga oshirilgani uchun kelib tushgan haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘im, quyidagi tarzda taqsimlanadi: davlat budjetiga – 70 foiz, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik xizmat organlarini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) – 30 foiz.

Davlat budjetiga taalluqli (70 foiz) mablag‘lar, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasalarining tasdiqlangan smeta xarajatlarini me'yor darajasida moliyalashtirish uchun yuboriladi.

Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasalari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Jamg‘arma mablag‘laridan amalga oshirilgan xarajatlar “Jamg‘arma xarajatlari” subhisobiga taalluqli. Balans reformatsiyasi vaqtida ushbu subhisobda qayd etilgan chiqimlarining yillik yakuniy aylanmasi “Jamg‘arma mablag‘lari hisob kitoblari” subhisobiga kredit tarzida chiqariladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid