«2019-2021 yillarda O‘zbekiston jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish, shuningdek tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida «Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Qaror loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Qiynoqning oldini olish qo‘mitasini tashkil etish nazarda tutilgan bo‘lib, ushbu qo‘mita huquqni muhofaza qiluvchi alohida organ, ya'ni insonning qiynoqdan himoya qilishga doir konstitutsiyaviy huquqini ta'minlash bo‘yicha respublika davlat boshqaruvi organi sifatida o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshirishi, o‘z faoliyatida prezident va Oliy Majlis palatalariga hisobdor bo‘lishi belgilangan.

Hozirgi vaqtda qaror loyihasi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan o‘rnatilgan tartibda kelishuvdan o‘tkazilmoqda. Yaqin kunlarda loyiha umumxalq muhokamasidan o‘tkazish uchun elektron tizimga joylashtiriladi», deya Svetlana Ortiqovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Qayd etilishicha, loyihada quyidagilar qo‘mitaning asosiy vazifalari sifatida ko‘rsatilgan:
- jismoniy va yuridik shaxslarning qiynoqqa doir murojaatlarini ko‘rib chiqish;
- qiynoq holatlariga doir ishlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish;
- jinoyat ishini yuritish chog‘ida ushlab turilgan shaxslarning yagona elektron reyestrini yuritish;
- qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararning o‘rni qoplanishini ta'minlash, ularga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish;
- qiynoq holatlari sodir etilishiga sharoit yaratgan mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va javobgarlik masalasi hal etilishini ta'minlash nazarda tutilgan.







