O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 1996 yilda qabul qilingan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida katta o‘zgarishlarni fuqarolik-huquqiy tartibga solishda muhim rol o‘ynadi, bozor iqtisodiyoti rivojlanishiga huquqiy zamin yaratishga imkon berdi.

Shu bilan birga, mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichi iqtisodiyotni yanada liberallashtirishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk kafolatlari himoyasini kuchaytirish, tadbirkorlikning rivojlanishini rag‘batlantirish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olingan.

Boshqacha aytganda, bugungi kunda real bozor iqtisodiyoti va ilg‘or xalqaro standartlar talablariga javob beradigan, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan zamonaviy fuqarolik kodeksini ishlab chiqish davr talabidir.

Yangi kodeksda qanday yangiliklar bo‘ladi

Bugungi kungacha tayyorlangan yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasi bir tomondan Fuqarolik kodeksi moddalarini unifikatsiya qilish va tizimlashtirish choralarini, ikkinchi tomondan tadbirkorlik, shu jumladan xorijiy investorlar faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish, fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator yangiliklarni o‘z ichiga olgan.

Xususan, investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotda mulkiy munosabatlar barqarorligini ta'minlash maqsadida xorijiy kompaniyalarga O‘zbekistonda o‘z filialini ro‘yxatdan o‘tkazib, hech qanday to‘siqlarsiz tadbirkorlik (xo‘jalik) faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini berish, mulk xususiy yoki davlatga tegishli bo‘lishidan qat'i nazar bir xil huquqiy himoya belgilash, Davlat reyestriga kiritilgan ma'lumotga ishonib mulkni sotib olgan mulkdordan, ilgarigi sotuvchi tomonidan qandaydir huquqbuzilishga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa-da mulk qaytarib olinmasligi hamda mulk huquqining himoyasini ta'minlashga qaratilgan boshqa yangi qoidalarni joriy etish nazarda tutilmoqda.

Ushbu yangi qoidalar xorijiy investitsiyalar miqdori yanada oshishiga xizmat qiladi. So‘nggi yillarda xorijiy investitsiyalar miqdori oshishi, xususan, 2019 yilda 2018 yilga nisbatan 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobarga ko‘p xorijiy investitsiyalar jalb qilinganining sabablaridan biri bu – iqtisodiyotni erkinlashtirish maqsadida qabul qilingan qonun hujjatlari deyish mumkin.

Shuningdek, mulk huquqi kafolatlarining mustahkamlanishi Jahon iqtisodiy erkinlik indeksi va boshqa xalqaro reytinglarga ham ijobiy ta'sir qilishi kutilmoqda. O‘zbekiston 2019 yilda Jahon iqtisodiy erkinlik indeksida Investitsiya erkinligi mezoni bo‘yicha – 100 balldan 10 ball, Mulk huquqi kafolati mezoni bo‘yicha – 49,8 ball olib, jami 180ta mamlakat orasida 140-o‘rinni egallagan edi.