O‘zbekiston | 16:03 / 30.05.2020
9818
3 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligi eksportyorlar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan hududiy rahbarlarni ogohlantirdi

Eksport ko‘rsatkichlarini oshirish maqsadida joylarda rahbarlar tomonidan eksportyorlar oldiga turli to‘siqlar qo‘yilayotgani bilan bog‘liq holatlar yuzasidan Adliya vazirligi o‘z munosabatini bildirdi.

Foto: Getty Images

Unga ko‘ra, hokimlar va davlat organlarining hududiy bo‘linmalari rahbarlari meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga eksport qiluvchining hududiy mansubligiga qarab to‘sqinlik qilganligi uchun shaxsan javobgarligi to‘g‘risida qat'iy ogohlantirilmoqda.

«Eksport qiluvchilar uchun ma'muriy to‘siqlarni qisqartirish tashqi iqtisodiy faoliyatni isloh qilishning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, joylardagi holat shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim hududlarda eksport ko‘rsatkichlarini oshirish maqsadida hududdagi rahbarlar eksporterlar oldida sun'iy to‘siqlarni qo‘ymoqda.

Xususan, mahsulotlarni bir hududdan ikkinchi hududga olib o‘tayotganda mansabdor shaxslar eksporterlarni agar u eksportni ushbu hududdan amalga oshirmasa, hudud chegarasidan o‘tkazmayotganligi yoki tadbirkorlik sub'yektlarini eksport qilinayotgan hududda ro‘yxatdan o‘tishini talab qilish holatlari uchramoqda.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining butun hududi o‘zi yaxlit bir bozor hisoblanib, tovarlar va xizmatlarning respublika bo‘yicha erkin harakati bozor iqtisodining eng asosiy tamoyillaridan biridir. Hududlarning eksport ko‘rsatkichlari o‘zgarishi mamlakatning umumiy ko‘rsatkichiga ta'sir etmaydi.

Yuqorida qayd etilgan sun'iy to‘siqlar amaldagi qonunchilik talablariga ham zid hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari butun respublika bo‘yicha bir xil qo‘llanilishi shart», — deyiladi vazirlik munosabatida.

Munosabatda eksport-import operatsiyalari Bojxona kodeksi va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinishi hamda mahsulotlarni O‘zbekiston hududiga olib kirish va olib chiqish faqatgina O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga va xalqaro shartnomalariga muvofiq taqiqlanishi mumkinligi ta'kidlanadi.

«Tadbirkorlik faoliyati, xususan eksportni amalga oshirish bilan bog‘liq qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan ortiqcha cheklov va talablar o‘rnatish hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish yoxud hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish deb baholanib, bunga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar qilmishlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Yuqorida ko‘rsatilgan holatlarga barham berish maqsadida eksport qilishga to‘sqinlik qilishning har qanday ko‘rinishi holatlari yuzasidan hurmatli tadbirkorlar Adliya vazirligining @tadbirkor_adliyabot telegram botiga yoki «O‘zbekiston eksportchilari uyushmasi»ga (71-207-00-98) murojaat qilishlarini so‘raymiz», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, ayrim tumanlarda eksportchilarning o‘z mahsulotini erkin sotishi borasida hududiy mas'ullarning turli bosimlariga duch kelayotgani bilan bog‘liq holatlar yuzasidan Kun.uz Eksportchilar uyushmasi rahbari Muxtor Umarov bilan suhbat tashkil qilgan edi.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid