Iqtisodiyot | 08:29
457
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Suriyaga mahsulot eksport qilishni boshlamoqchi

O‘zbekiston va Suriya tadbirkorlari o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn muzokaralar yakunlariga ko‘ra, Suriyaga 10 ta yuk mashinasi hajmidagi o‘zbek mahsulotlarining birinchi partiyasini eksport qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston mahsulotlarini Suriya bozoriga yetkazib berish hajmini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, mamlakatning Al-Kuvaytdagi elchixonasi vakillari, shuningdek, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda may oyida faoliyatini boshlagan O‘zbekistonning Halab shahridagi savdo uyi rahbari, Kalash Trading Co., Ltd. kompaniyasi direktori Ahmad Kalash hamda O‘zbekistonning Premier Electrotech, Sam-Ferre, Nassar Trading Agro, Metsol, Solis Oils va Technologies of Real Time kompaniyalari vakillari qatnashdi.

Tomonlar Suriya bozorida o‘zbek mahsulotlariga bo‘lgan talab, logistika yo‘nalishlari hamda Halabdagi savdo uyi orqali mahsulotlarni targ‘ib qilish mexanizmlarini muhokama qildi.

Muzokaralar yakunida Suriyaga mahsulotlarning birinchi eksport partiyasini jo‘natish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Rejaga ko‘ra, 4 ta yuk mashinasiga maishiy texnika, yana 4 ta yuk mashinasiga yog‘-moy mahsulotlari, qolgan 2 ta yuk mashinasiga esa avtomobil ehtiyot qismlari va motor moylari yuklanadi.

Mazkur kelishuv O‘zbekiston mahsulotlarining Suriya bozoriga kirib borishi va ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid