Muvaffaqiyatli yurib ketgan bitta biznesga erta bosqichlarda yopilib ketgan o‘nlab kompaniyalar to‘g‘ri keladi. Tadbirkor bo‘lishni hamma ham istaydi, ammo muvaffaqiyatli biznes qurish, shubhasiz, kishidan muayyan qobiliyatlarni talab qiladi.

Kishida biznesmenlik qobiliyati bo‘lsa, u nafaqat o‘z vatanida, balki xorijda ham o‘z yo‘nalishida o‘z o‘rniga ega tadbirkor sifatida ish yuritib keta oladi.

Buning tasdig‘ini Londonda kostyum biznesi bilan shug‘ullanayotgan andijonlik Elbek Aliyev misolida ham ko‘rish mumkin.

Kun.uz ijodiy jamoasi Buyuk Britaniyaga safaridan tayyorlagan navbatdagi maqolada VivaldiPro brendi asoschisi va rahbari, 36 yoshli Elbek Aliyev bilan tanishamiz.

«Bir kun kelib kostyum tikish bilan shug‘ullanaman, deb hech o‘ylamagandim»

Elbek Aliyev dastavval farmatsevt bo‘lishni orzu qilgan, shu maqsadda 18 yoshida Toshkent farmatsevtika institutiga o‘qishga kiradi. 2002-2006 yillarda provizor kasbini egallash uchun ushbu institutda tahsil olgach, 2006 yilda ingliz tilini o‘rganish uchun 6 oylik kurs bilan Londonga keladi.

«Kelishimning sababi – Toshkentda chet elning ko‘plab favmatsevtika kompaniyalari bor edi va agar ingliz tilini bilsangiz, ularga ishga kirish oson edi. Mening orzum – GlaxoSmithKline`da ishlash edi».

Shundan so‘ng hamyurtimizda Angliyada magistratura bosqichida o‘qish maqsadi paydo bo‘ladi. Ammo kontrakt to‘lovi – 13 ming funt uchun mablag‘i yo‘qligi sabab, ishlashiga to‘g‘ri keladi.

«O‘sha paytda, Fabric Warehouse degan parda tikadigan fabrikaga ishga kirganmiz. O‘sha yerga ishga kirib, tikishni o‘rgana boshlaganman. Bo‘lmasa, umrimda tikuvchi bo‘laman deb o‘ylamaganman, bungacha biron narsa tikishni ham bilmasdim.

O‘sha fabrikada Jyeyms Uebb degan odam futbolchilarga kostyum tikardi. Biz ham o‘rganib, uning kostyumlarini biz qilishni boshlaganmiz. Kostyumlarni biz tayyorlardik, u o‘z markasini qo‘yib sotardi. Shu orqali mana shu biznesga o‘tib ketdim.

Xudo bersa, harakatingiz bo‘lsa, shunday bo‘larkan, yo‘q joydan ham qanday qilib bo‘lsa ham boshqa sohaga o‘tib ketar ekansiz. Umrimda hech qachon kostyum tikaman deb o‘ylamaganman», – deydi u.