Prezident qurilish materiallari sanoati bo‘yicha yangi qaror imzolaydi (batafsil)
Qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari qabul qilinadi.
Prezidentning “Qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Quyidagilar:
2020-2025 yillarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, mahalliy xomashyoni qazib olish va qayta ishlash asosida qurilish industriyasining xomashyo bazasini kengaytirish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari;
2020-2025 yillarda diversifikatsiya qilish va mahsulot turlarini kengaytirish hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari;
2020-2023 yillarda qurilish materiallari sanoati sohasida, shu jumladan istiqbolli konlarni o‘zlashtirish hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining yig‘ma ko‘rsatkichlari va ro‘yxati;
qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi;
2021 yilning 31 dekabriga qadar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash orqali qabul qilinadigan qurilish materiallari sohasidagi xalqaro standartlar ro‘yxati tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasining:
a) «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasida qurilish materiallari sanoati sohasidagi tadbirkorlik sub'yektlari va fuqarolarga maslahat-servis va amaliy ko‘mak berishni muvofiqlashtiradigan yig‘ma bo‘linma tashkil etish;
b) «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasining respublika hududlarida qurilish materiallari sanoati sohasidagi tadbirkorlik sub'yektlari va fuqarolarga maslahat-servis va amaliy ko‘mak beradigan hududiy bo‘linmalarini tashkil etish;
v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasining hududiy bo‘linmalarini joylashtirish uchun bepul tarzda alohida xizmat xonalarini ajratib berish;
g) hududiy bo‘linmalarning saqlash xarajatlari «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflari qo‘llab-quvvatlanadi.
«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Toshkent shahar hokimligining quyidagi takliflariga:
Toshkent shahar, Tafakkur ko‘chasi 68a-uy manzilida joylashgan, «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi balansidagi binoni kapital ta'mirlash orqali «O‘zqurilishmaterialLITI» MChJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi huzurida yangi kompozit materiallar va innovatsion kimyo texnologiyalari asosida qurilish materiallariga oid ilmiy tadqiqotlarni hamda sinov ishlarini amalga oshiradigan zamonaviy laboratoriyani tashkil etish;
laboratoriyaning ma'muriy bino va inshootlarini qurish, uni ilg‘or va zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash maqsadida, «Qizilqumsement» AJ - 30,5 mlrd so‘m, «Kvars» AJ - 4 mlrd so‘m hamda «Bekobodsement» AJ – 3,4 mlrd so‘m, jami 37,9 mlrd so‘m pul mablag‘larini korxonalarning innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari hisobidan Markazning ustav kapitalidagi ulushlarini ko‘paytirish uchun 2020 yil 1 iyulga qadar o‘tkazib berish;
Markaz tomonidan import qilinadigan zamonaviy laboratoriya uskunalari, butlovchi buyumlari, ehtiyot qismlari va o‘lchov vositalarini 2022 yil 1 yanvarga qadar o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlarga muvofiq, bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) ozod etish;
«O‘zstandart» agentligi laboratoriya jihozlari o‘rnatilgandan so‘ng, ularni qiyoslov ko‘rigidan va akkreditatsiyadan o‘tkazish, shuningdek respublikada mavjud barcha qurilish materiallarining me'yoriy hujjatlar fondini tashkil etish ishlarini bir oy muddatda beg‘araz amalga oshirishga rozilik beriladi.
Belgilab qo‘yilishicha, Markaz zamonaviy laboratoriya uskunalari va qiyoslov vositalari bilan jihozlanib, qurilish materiallari ishlab chiqarishga oid jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik asosida o‘z faoliyatini yuritadi va quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshiradi:
ilg‘or xorijiy tajribaga muvofiq, zamonaviy energiya tejamkor qurilish materiallari va ulardan foydalanish texnologiyalari hamda ishlanmalarini yaratish;
noruda xomashyolarning ekspress baholash tizimini tatbiq etish, innovatsion texnologiyalar asosida yangi turdagi qurilish materiallarini yaratish, mavjud xomashyo zaxiralaridan oqilona va samarali foydalanishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;
mahalliy qurilish materiallarining xalqaro standart talablari bilan uyg‘unlashtirilishi, zaruratga qarab sohada yangi milliy standartlar ishlab chiqish, shaharsozlik normalari qoidalarining takomillashtirilishida ishtirok etish;
import qilinadigan qurilish materiallari bo‘yicha sinov bayonnomalarini rasmiylashtirish, qurilish materiallari va buyumlarini sertifikatlashtirish;
qurilish obektlarida masofadan qurilish materiallari (beton, devorbop va tomyopqich materiallar) sifatini aniqlashning innovatsion tizimini eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand viloyatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirish;
laboratoriya ilmiy xodimlarining chet eldagi nufuzli ilmiy markazlarda malakasini oshirish, zarur hollarda, ayrim masalalarni chuqur o‘rganish uchun ilg‘or xorijiy mutaxassislarni jalb etish;
qurilish materiallari ishlab chiqaradigan korxonalarning chet elda tayyorlangan loyihalarini adaptatsiya qilish hamda boshqa ilmiy-tadqiqot va sinov amaliyotlarini o‘tkazish.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasining 2021 yil 1 yanvardan boshlab energiya tejamkor usulda sement ishlab chiqaruvchi korxonalarni:
a) boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar bilan bir xilda 15 foizlik foyda soliq stavkasiga o‘tkazish;
b) eksport mahsulotini ishlab chiqarishda ishlatilgan ohaktosh uchun yer qa'ridan foydalanish solig‘i stavkasini umumbelgilangan tartibda soliq to‘lashni joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bir oy muddatda sement va arxitektura-qurilish oynasi ishlab chiqaruvchilarni Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeini egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar davlat reyestridan chiqarish choralarini ko‘radi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra 2020 yil 1 iyuldan boshlab:
a) birja savdolarida sotilgan sement va qurilish oynasi hajmining 0,3 foizi miqdorida sotuvchidan yig‘im undiriladi va birja tomonidan har oy yakuni bilan «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasining joriy ta'minlash va uning faoliyatini moliyalashtirish maqsadida o‘tkazib beriladi;
b) import qurilish materiallari va xomashyolarning «erkin muomalaga chiqarish (import)» bojxona rejimiga rasmiylashtirishda bojxona qiymatining 1,2 foizi miqdorida bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im undiriladi va uning 1,0 foizi maqsadli ravishda «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasiga mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, eksportyor korxonalarni rag‘batlantirish hamda uyushmani saqlash va moddiy – texnik ta'minotini rivojlantirish maqsadida o‘tkazib beriladi;
v) «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi tarkibidagi qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun import qilinayotgan xomashyolar, ko‘mir va tabiiy gazga muqobil boshqa energiya resurslari temir yo‘l orqali tashishda ichki tarif stavkalari qo‘llaniladi;
g) qurilish materiallari sanoati korxonalarini hududlarda joylashtirilishida va ularga noruda foydali qazilma boyliklarini o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya berilishida «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasining xulosasi olinadi;
d) O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari hamda «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi har chorakda bir marotaba noruda qazilma boyliklaridan oqilona foydalanilishi yuzasidan monitoring o‘tkazadi va natijasi yuzasidan konlardan foydalanmayotgan yoki maqsadsiz foydalanayotgan tadbirkorlik sub'yektlariga berilgan litsenziyalarni muddatidan oldin bekor qilish va yer uchastkalarini davlat zaxirasiga qaytarish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘radi.
Belgilab qo‘yilishicha, 2021 yil 1 yanvardan boshlab:
a) mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan sement va qurilish oynasining kamida 50 foiziga teng ulushlarda birja savdolariga chiqariladi va sotiladi. Bunda, birja savdolariga qo‘yilmagan sement va qurilish oynasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida o‘rtacha birja kotirovkalari narxlarida, eksport va chakana savdoga, shu jumladan elektron savdo platformalari orqali erkin narxlarda sotilishiga ruxsat etiladi;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining hududiy boshqarmalari noruda foydali qazilmalarni qazib olish va yer qa'rini geologik jihatdan o‘rganishlarni olib borish bilan bog‘liq bo‘lgan hamda atrof muhitga ta'sir etishning 2-toifasiga (o‘rtacha xavf) kiruvchi loyihalarga davlat ekologiya ekspertiza xulosalarini berish huquqiga egadirlar;
v) O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan obektlarning qurilish loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda qat'iy ravishda mahalliy qurilish materiallaridan foydalanish tartibi joriy etiladi;
g) O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda respublika qurilish obektlarini yetarli hajmdagi qurilish materiallari bilan ta'minlash maqsadida, har yili 1 noyabrga qadar respublikada keyingi yil uchun mo‘ljallanayotgan kapital qurilish va rekonstruksiya tadbirlari, qurilish materiallariga ichki bozorda bo‘lgan talab to‘g‘risidagi ma'lumotlarni mahsulotlar hamda hududlar kesimida «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasiga taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasining «Qizilqumsement» AJ, «Bekobodsement» AJ va «Kvars» AJlarning 51 foiz davlat ulushlarini «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasiga istisno tariqasida, tanlov o‘tkazmasdan ishonchli boshqaruvga berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi bir oy muddatda «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi bilan ishonchli boshqaruvchining aniq majburiyatlarni hisobga olgan holda uch yillik ishonchli boshqaruv shartnomasi tuzilishini ta'minlaydi.
Bunda, mazkur korxonalarda ishlab chiqarish hajmini o‘rtacha 30 foizga oshirish, kamida 200 mln dollar investitsiyalar o‘zlashtirilishini ta'minlash, 500 dan kam bo‘lmagan yangi ish o‘rinlari yaratish, 20 xildan kam bo‘lmagan turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni ta'minlash, mahsulot tannarxi va energiya sarfini o‘rtacha jahon standartlari darajasiga yetkazishga alohida e'tibor qaratiladi.
«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qurilish vazirligi, Toshkent, Farg‘ona, Jizzax va Navoiy viloyatlari hokimliklarining tajriba tariqasida qurilish klasterlarini tashkil etish haqidagi takliflari ma'qullanadi.
Bunda:
qurilish klasterlarida avtoklav usulida gazobeton, penobeton va boshqa turdagi zamonaviy energiya tejamkor arzon qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
qurilish klasterlariga shahar va qishloq joylarida namunaviy tipdagi arzon uy-joylar qurilishi dasturlari doirasida 2021 yilda kamida 25 foiz, 2022 yildan 50 foiz uy-joylar qurish uchun yer maydonlarini ajratish;
mazkur dasturlarni moliyalashtirayotgan tijorat banklari tomonidan qurilish klasterlariga qulay shartlarda uzoq muddatli imtiyozli kreditlar berilishiga alohida e'tibor qaratiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasining hududlarda aholiga qurilish materiallari, shu jumladan sement va qurilish oynasini sotishga ixtisoslashtirilgan firma do‘konlari tarmog‘ini tashkil etish haqidagi taklifi ma'qullanadi.
Belgilab qo‘yilishicha:
firma do‘konlari orqali qurilish materiallari aholiga naqd pulga, majburiy tartibda nazorat-kassa apparatlarini qo‘llagan va pul tushumlarini bankka topshirish uchun har kuni inkasso qilgan, shuningdek to‘lovni jismoniy shaxslarning plastik kartochkalaridan qabul qilgan holda sotiladi;
firma do‘konlari orqali sement va qurilish oynasi joriy birja kotirovkalaridan ortiq bo‘lmagan narxlarda, boshqa turdagi qurilish materiallari esa erkin narxda sotiladi;
firma do‘konlari qurilish materiallarini qo‘shimcha haq hisobiga eng so‘nggi iste'molchigacha yetkazib berishlari, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa xizmat turlarini ko‘rsatishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020 yildan boshlab har yili firma do‘konlari orqali aholiga sotiladigan sement va qurilish oynasining yetarli hajmlarda ajratilishini ta'minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda respublika hududida tabiiy pardozbop toshlarni (marmar, granit, travertin va boshqalar) qazib olish va ularni qayta ishlashga ixtisoslashgan mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar mexanizmini ishlab chiqib tasdiqlaydi.
Bunda:
tabiiy pardozbop toshlardan (marmar, granit, travertin va boshqalar) chiqindisiz ishlab chiqarishlarni amalga oshirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun, 2024 yil 1 yanvarigacha to‘lanadigan foyda va yer solig‘ini belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizgacha qisqartirish;
korxonalar tomonidan tungi vaqtdagi faoliyatni davomida ishlatilgan elektroenergiya uchun pasaytirilgan tariflarni joriy etish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari tomonidan ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi korxonalar yoki loyiha tashabbuskorlariga yer maydonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish masalalariga alohida e'tibor qaratiladi.
Mavzuga oid
08:44 / 06.06.2022
Parrandachilikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi o‘zgaradi
09:01 / 08.04.2022
«Olima ayollar jamiyati» nimalar bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘ldi
07:51 / 26.03.2022
2021 yilda qurilishdagi baxsiz hodisalar oqibatida 84 nafar ishchi halok bo‘lgan
07:28 / 09.03.2022