Jamiyat | 19:05 / 08.06.2020
7649
3 daqiqa o‘qiladi

«Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ: Yangilangan uylarda yangi elektr tarmoqlari

– Qariyalarimiz bejizga har duoga qo‘l ochganda «O‘t balosidan, suv balosidan Allohning o‘zi asrasin», deya bot-bot takrorlamas ekan. Buning mag‘zini tabiiy ofat keltirgan zarar tufayli vaqtincha uysiz qolgan inson sifatida bugun boshqacha anglagandekman, – deydi Sardoba tumani, «Yurtdosh» mahallasi, «Orasta» ko‘chasi, 1-uy egasi Ikrom Yuldashev. – Lekin bir ko‘ngilsizlik ortidan yaxshilik ham keladi deganlaridek, uylarimiz yangidan, zamonaviy qilib ta'mirlab berilmoqda. Ayniqsa, xonadongacha va uy ichidagi elektr ta'minoti tarmoqlarining yangilanayotgani, shikastlangan elektr jihozlari o‘rniga zamonaviylari o‘rnatilayotgani bizni behad quvontirmoqda. Buning uchun soha zahmatkashlariga alohida minnatdorlik aytmoqchiman.

Darhaqiqat, bugun Sardobadagi hamyurtlarimizga yordam berish uchun qator tashkilot va korxonalar qatori «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tasarrufidagi barcha elektr ta'minoti korxonalari malakali ishchi-xodimlari safarbar qilingan. Mana, yozning jazirama, issiq kunlari boshlandi. Shunga qaramay, energetiklarimiz tomonidan tabiiy ofat tufayli shikatlangan elektr tarmoqlarini ta'mirlash-tiklash ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda.

Xususan, Oqoltin tumanidagi «Saxovat», «Shodlik» hamda «Ahillik» mahallalarida yangi qurilish-ta'mirlash ishlari doirasida shu kungacha 2,64 km elektr uzatish tarmoqlari SIP kabellariga amashtirilib, rekonstruksiya ishlari olib borilishi natijasida jami 177 dona ko‘cha yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Sardoba tumani «Qo‘rg‘ontepa», «Yurtdosh» va «Do‘stlik» mahallalarida ham bu boradagi ko‘rsatkich tadbir boshidan 3,9 km elektr uzatish tarmoqlari, jami 109 dona ko‘cha yoritish chiroqlari o‘rnatilganini ko‘rsatmoqda.

Mirzaobod tumani «Haqiqat» va «Navbahor» mahallalarida ham yuqoridagi ishlar jadal sur'atlarda, belgilangan rejaga muvofiq amalga oshirilmoqda. Xususan, ayni kungacha 10,5 km elektr uzatish tarmoqlari zamonaviy kabellarga almashtirilib, 224 dona ko‘cha yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Ta'kidlash joizki, ta'mirlanayotgan xonadonlarning 120 tasida energetiklarimiz tomonidan ichki montaj ishlari bajarildi. 

Elektr tarmoqlari va jihozlarini ta'mirlash-tiklash ishlari tizimli davom etmoqda.

«Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati

Mavzuga oid