So‘nggi uch kunda koronavirusga chalingan 292 nafar bemorning 118 nafari aholi orasida qayd etilgan
Sog‘liqni saqlash vazirligi kasallik belgilari sezilsa zudlik bilan shifokorga murojaat etishni tavsiya qilgan.
So‘nggi uch kun davomida, jumladan, 8 iyun kuni kasallik qayd etilgan jami 109 nafar bemorning 66 nafari, 9 iyun kuni koronavirus aniqlangan jami 80 nafar bemorning 25 nafari hamda 10 iyun kuni koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 103 nafar bemorning 27 nafari aholi orasida aniqlangan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, 10 iyun kuni bo‘yicha bemorlarning 11 nafari Toshkent viloyatidan, 7 nafari Toshkent shahridan, 3 nafari Sirdaryo viloyatidan, Samarqand va Buxoro viloyatlaridan 2 nafardan, 1 nafari esa Qashqadaryo viloyatidan aniqlangan.
Toshkent shahrida tana harorati ko‘tarilib, uy sharoitida davolangan fuqaroda, Yunusobod tuman davlat soliq inspeksiyasining 2 nafar inspektorida, Shayxontohur tumanidagi “Mediapark” savdo majmuasi sotuvchisining onasida koronavirus aniqlangan.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatida yashovchi, Yunusobod bozorida ziravorlar savdosi bilan shug‘ullanadigan fuqaroning 2 nafar oila a'zosida, Bekobod va Toshkent tumanlarida yashovchi 2 nafar fuqaro hamda Toshkent tumanidagi “Amerikan gospital” xususiy klinikasi kichik tibbiyot xodimida ham kasallik tasdiqlangan.
Shuningdek, koronavirus infeksiyasi aniqlangan Sirdaryo viloyati ichki ishlar xodimining qo‘shnisi va u bilan muloqotda bo‘lgan 2 nafar tikuvchilik sexi xodimlarida, Samarqand viloyati “Maroqand” DUKning 2 nafar xodimi ham koronavirusga chalingani ma'lum bo‘ldi.
Bugun ayni paytga qadar kasalligi aniqlangan 72 nafar bemorning 20 nafari Karantin markazidagi fuqarolar orasida aniqlangan bo‘lsa, qolgan 52 nafari aholi orasida qayd etilmoqda. Jumladan, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi xorijiy korxonaning bir yo‘la 28 nafar xodimida, Toshkent shahri Yunusobod bozorining yana 2 nafar sotuvchisida koronavirus infeksiyasi tasdiqlandi.
“Guvohi bo‘lganingizdek, koronavirus infeksiyasi yurtimizning istalgan hududida paydo bo‘lishi, jinsi va millatidan qat'iy nazar har qanday kasbdagi fuqaroda qayd etilishi mumkin. Bizning hududda kasallik ko‘rsatkichi past yoki aniqlanmadi, deya bir zum bo‘lsa-da, hushyorlikni yo‘qotsangiz, kutilmaganda koronavirusni yuqtirib olishingiz va yaqinlaringiz sog‘ligini xavf ostida qoldirishingiz hech gap emas. Har birimiz ko‘chaga chiqish, muloqotga kirishish orqali kasallanish ehtimoli borligini unutmasligimiz kerak.
Ming afsuski, aholi orasida bu kabi tavsiyalarga panja orasidan qarayotgan, befarq munosabatda bo‘layotgan fuqarolar ham uchrab turibdi. Ayni xavotirli vaziyatdan kelib chiqqan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi, yana bir bor, fuqarolarimizni ogohlantiradi: vaziyat murakkablashib borayotganini bilib turibsiz. Uni ijobiy yoki salbiy tomonga o‘zgartirish har birimizning harakatimizga bog‘liq ekanini unutmang.
Shuning uchun zaruratsiz ko‘chaga chiqmang, odamlar ko‘p to‘planadigan jamoat joyiga borishdan vaqtinchalik tiyiling, ijtimoiy masofa saqlang, qo‘llarni yaxshilab qayta-qayta yuving, ko‘chaga chiqqanda niqob taqishni aslo unutmang, va umuman, karantin va sanitariya qoidalariga so‘zsiz rioya eting.
O‘zingizda kasallik belgilarini sezsangiz zudlik bilan shifokorga murojaat eting”, - deyiladi vazirlik xabarida.
Mavzuga oid
10:14 / 13.05.2022
Shimoliy Koreya COVID-19’dan ilk o‘lim holatlari haqida xabar berdi
22:17 / 11.05.2022
Shanhaydagi koronavirus: qat’iy lokdaun, dezinfeksiya, shifoxonaga esa faqat hokimiyat ruxsati bilan
18:01 / 07.05.2022
Pekinda koronavirus tarqalishi sababli metro stansiyalari yopilmoqda
18:02 / 03.05.2022