Jamiyat | 23:41 / 15.06.2020
43607
7 daqiqa o‘qiladi

Yunusobodda kollej o‘qituvchisi, Toshkent viloyatida XTB bosh mutaxassisi qo‘lga olindi

Bosh prokuratura matbuot xizmati mahkama huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti tomonidan so‘nggi kunlarda aniqlangan jinoyatlar haqida Kun.uz'ga ma'lumot berdi.

Toshkentda kollej o‘qituvchisi ushlandi

Yunusobod dizayn kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi M.A. kollejning 3-kurs o‘quvchisi N.A.ning ishonchiga kirib, uning baholarini qo‘ydirib berish va diplomini olib berish evaziga 100 dollar va 500 ming so‘m talab qilib olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

Holat yuzasidan M.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi va 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbir Departamentning Olmazor tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan.

Toshkent viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi bosh mutaxassisi firibgarlik ustida ushlandi

Toshkent viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi bosh mutaxassisi S.A. fuqaro E.Sh.ning ishonchiga kirib, uni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Olmaliq shahridagi maktablardan biriga direktor lavozimiga tayinlatish evaziga 2 000 dollar talab qilib, shundan, 200 dollar va 2,7 mln so‘mni muqaddam qo‘lga kiritib, qolgan 1 500 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

Holat yuzasidan S.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi va 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Surxondaryoda Agroinspeksiyaning Sho‘rchi tuman bo‘limi inspektori firibgarlik ustida qo‘lga tushdi

O‘zagroinspeksiyaning Sho‘rchi tumani bo‘limi inspektori F.M. fuqaro F.X.ga tegishli bo‘lgan, hujjatsiz T-40 rusumli traktori va tirkamasiga yangi namunadagi davlat raqami va texnikani ro‘yxatga olish guvohnomasi tayyorlab berish evaziga 1,8 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

Holat yuzasidan F.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbir Departamentning Bandixon tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filialiga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan sobiq o‘qituvchi ushlandi

Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali sobiq o‘qituvchisi R.B., fuqaro N.K.dan uni mazkur filialga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga oldindan talab qilgan

2 000 dollar va pasport nusxasini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

Holat yuzasidan R.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi, 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbir Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan.

Marhamatda tadbirkor va fuqarolardan pul talab qilgan mutaxassis va firibgar ushlandi

Departamentning Marhamat tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Andijon viloyati kichik sanoat zonalarini boshqarish yagona direksiyasi Marhamat tumani yetakchi mutaxassisi D.A. firibgarlik yo‘li bilan daromad orttirish maqsadida, fuqaro B.M.ning ishonchiga kirib, unga tuman hududidagi kichik sanoat zonasi uchun ajratilgan yer maydonidan uy-joy qurish hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun 10 sotix yer maydoni ajratib berish evaziga 1 500 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

Shuningdek, holat bo‘yicha o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, yetakchi mutaxassis D.A. joriy yilning may oyida 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, tadbirkorlik faoliyatini boshlashga yer ajratish uchun 6 750 dollar va 1 nafariga tumanda qurilayotgan ko‘p qavatli uydan 2 xonali uy olib berish evaziga 27 mln so‘mni qo‘lga kiritgani aniqlandi.

Xuddi shunday, Departamentning Marhamat tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda, fuqaro M.X. fuqarolar Z.R. va M.E.larning ishonchiga kirib, ularga Marhamat tuman «Dehqon bozori» MChJ hududidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan savdo qilish savdo rastasi ajratib berishi evaziga 2 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan D.A. va M.X.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Baliqchida elektr hisoblagichidagi kamchiliklarni rasmiylashtirmaslik evaziga fuqarodan 400 dollar talab qilgan firibgar ushlandi

Fuqaro A.Sh. Baliqchi tumanida yashovchi fuqaro S.S.ning uyida elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tekshiruvida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha 40 mln so‘m atrofida jarima to‘lashi kerakligini aytib, ushbu holat bo‘yicha bayonnoma tuzdirmaslik evaziga 400 dollar talab qilib, shundan, 1 mln so‘m va 300 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

Holat yuzasidan A.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbir Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan.

Asakada Koreya davlatiga o‘qishga yuborish bahonasi bilan fuqarolarning 20 300 dollarini qo‘lga kiritgan muassasa faoliyatiga chek qo‘yildi

Departamentning Asaka tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirishda, «S.» nodavlat ta'lim muassasasi rahbari N.T. va boshqalar 2019 yil davomida bir necha fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Koreya davlatidagi oliygohlarga o‘qishga kiritib qo‘yish hamda viza olib berish evaziga 3 ta holatda 20 300 dollar va 8 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlandi.

Holat yuzasidan N.T. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining

168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid