Kompyuter kundalik hayotga qanchalik chuqur kirib bormasin, uning umumiy salomatlikka, xususan, ko‘rish organlariga salbiy ta'siri haqida ham unutmaslik kerak.
Kompyuter ko‘rish sindromi
Kompyuterdan uzoq va davomli foydalanish natijasida «kompyuter ko‘rish sindromi» yuzaga keladi. Faoliyati kompyuter bilan bog‘liq bo‘lgan har kimda kuzatiladigan bu sindrom ko‘zlarda charchoq, qizarish, qum qadalgandek hissiyot, quruqlik va sanchiq, ko‘rish qobiliyatining xiralashuvi, qichish, bosh va bo‘yinda og‘riq, ish kuni yakunidagi charchoq kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi.
Kompyuterdan foydalanishda bazaviy qoidalarga rioya qilmaslik esa bu sindromning paydo bo‘lish ehtimolini oshiradi.
Kompyuterdan foydalanishda diqqat qaratish kerak bo‘lgan qoidalar:
- monitordan 50-60 sm uzoqlikda bo‘lish;
- har 45 daqiqada ko‘zga dam berish va ko‘z gimnastikasini bajarish;
- monitorning yorug‘lik, kontrast sozlamalarini to‘g‘ri va qulay tarzda belgilash;
- bir xil holatda uzoq vaqt o‘tirmaslik;
- monitorning ko‘z bilan bir kesimda joylashuvi (ko‘zdan balandda yoki pastda bo‘lmasligi kerak);
- displey va ish joyida chang to‘planib qolmasligini nazorat qilish;
- ko‘zni yumib-ochmay uzoq tikilishni kamaytirish;
- ish xonasining o‘ta qorong‘i bo‘lmasligini ta'minlash darkor.
Kompyuter ko‘zga qanday ta'sir qiladi?

Kompyuterdan foydalanishda ko‘rish fokus masofasi juda kam o‘zgartiriladi va ko‘z kam ochib-yumiladi. Natijada ko‘rish organlari mushaklari zo‘riqadi va ko‘z soqqasi yetarlicha namlanmaydi, bu esa ko‘zda yoqimsiz quruqlik va charchoqqa sabab bo‘ladi.
Shuningdek, barcha elektron uskunalar singari kompyuterdan ham elektromagnit to‘lqinlar tarqaladi. Kompyuter qanchalik zamonaviy bo‘lmasin, ko‘k va binafsharang spektr nurlarining ko‘pligi bois ko‘zda zo‘riqish hosil qiladi.
Kompyuterdan ko‘zga yetadigan zararni minimallashtirish maqsadida maxsus kompyuter ko‘zoynaklaridan foydalanish tavsiya etilmoqda.








