«Xavfsiz turizm fondiga davlat budjetidan dastlabki 20 milliard so‘m miqdoridagi boshlang‘ich mablag‘ ajratildi» – Aziz Abduhakimov
O‘zbekistonda Xavfsiz turizm fondiga davlat budjetidan dastlabki 20 milliard so‘m miqdoridagi boshlang‘ich mablag‘ ajratilgan. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov 23 iyun kuni videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashi Turizm vazirlarining beshinchi yig‘ilishida ma'lum qildi.
Turizm vazirlarining onlayn uchrashuvida TTDHK bosh kotibi Bagdad Amreyyev, Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Ersoy, Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri Aktoti Raimkulova hamda qolgan TTDHK mamlakatlarining turizm tashkilotlari rahbarlari qatnashdi.
Ishtirokchilar pandemiya sharoitida turizm sohasining bugungi holati, Kengash mamlakatlarining turizm sektorini jonlantirishga doir tajribasi, Turk kengashiga a'zo davlatlar o‘rtasida sayyohlik almashinuvini tiklashga oid chora-tadbirlar hamda bu davlatlarning sayyohlik yo‘nalishlarini ilgari surishga qaratilgan turli loyiha va tashabbuslarni muhokama qilishdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov O‘zbekistonda pandemiya sharoitida turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berdi.
«Mamlakatda chet ellik sayyohlar uchun o‘ziga xos «xavfsizlik yostiqchasi»ga aylanadigan «O‘zbekiston - xavfsiz sayohat kafolatlangan» (Uzbekistan/Safe travel guaranteed) sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimi haqida alohida ta'kidlab o‘tmoqchiman. Bu tizim doirasida sayyoh O‘zbekistonda bo‘lib turgan vaqtda koronavirusni yuqtirib olsa, unga 3000 AQSh dollari miqdorida kompensatsiya puli to‘lab beriladi. Buning uchun Xavfsiz turizm fondi tashkil etilib, unga davlat budjetidan dastlabki 20 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. O‘ylaymizki, ushbu tadbirlar mamlakatimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar xavfsizligini ta'minlashga va O‘zbekistonda turizmni tez sur'atlarda tiklashga imkon beradi», dedi Abduhakimov.
Shuningdek, yig‘ilish davomida Abduhakimov pandemiya sharoitida turizmni tiklash uchun asosiy e'tiborni xalqaro sheriklar va halqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlashga qaratish kerakligini ta'kidladi.
Aziz Abduhakimov konferensiya davomida ishtirokchilariga O‘zbekistonda turizm sohasini qo‘llab-quvvatlovchi chora-tadbirlar va dasturlar haqida so‘zlab berdi, jumladan ularni prezidentning joriy yil 28 maydagi «Koronavirus pandemiyasining salbiy ta'sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni va «Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat'iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan batafsil tanishtirdi, turizmni raqamlashtirishni yaxshilashga doir loyihani amalga oshirish zarurati haqida so‘zladi.
«Turizmni raqamlashtirishni yaxshilashga oid loyihalarni amalga oshirish, Kengash mamlakatlari turistik yo‘nalishlar yagona xaritasini yaratish, xalqlarimizning madaniyati, an'analari va ekskursiyalari bo‘yicha batafsil hamda ishonchli ma'lumotlar tayyorlash, foto, video va VR-texnologiyalarni qo‘llagan holda virtual turlar va ekskursiyalar, onlayn gidlar tashkil qilish zarurligini alohida ta'kidlashimiz lozim», dedi Abduhakimov.
Tadbir yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi hamda konferensiya ishtirokchilarining qo‘llab-quvvatlashi bilan keyingi TTDHK turizm masalalari vazirlarining VI yig‘ilishini 2021 yilda O‘zbekistonda o‘tkazishga doir kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 14 sentabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining tuzilishi to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi Qonunni imzolagandi. 2019 yil 15 oktabr kuni Boku shahrida bo‘lib o‘tgan TTDHK sammitida O‘zbekiston to‘laqonli a'zo sifatida qatnashdi va tadbirda davlat rahbari ishtirok etgandi.
10 aprelda JSST rahbari ishtirokida o‘tkazilgan TTDHK onlayn sammitida prezident Shavkat Mirziyoyev kengash doirasida epidemiologik vaziyatni tahlil qilish, doimiy monitoring, prognoz tizimini ishlab chiqib taklifini bergandi.
Mavzuga oid
23:32 / 13.11.2024
Florensiya «haddan ziyod turizm»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar qabul qildi
13:48 / 13.11.2024
Jahon banki vakili O‘zbekistonning COP29’dagi pavilyoni bilan tanishdi
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
10:26 / 03.11.2024