Jon Boltonning «Bu voqea sodir bo‘lgan xona: Oq uy memuarlari» (The Room Where It Happened: A White House Memoir) asarida Tramp asosiy geosiyosiy faktlardan bexabar va ko‘plab qarorlari o‘zining qayta saylanish istagi bilan bog‘liq bo‘lgan prezident sifatida tasvirlangan.

Trampning tanqidchilari Boltonning impichment tinglovlari paytida nima uchun gapirmaganini so‘radi, prezidentning o‘zi esa xavfsizlik masalalari bo‘yicha sobiq maslahatchisini «qobiliyatsiz» va «zerikarli eski ahmoq» deb atadi.

Oq uy mazkur kitobning chiqarilishini to‘xtatishga harakat qildi, biroq sud bu talabni 20 iyun kuni – kitob sotuvga chiqishidan uch kun oldin rad etdi. AQSh ommaviy axborot vositalari bir amallab oldindan kitob nusxalarni olishgan va undagi tafsilotlarni nashr etishni boshlashgan. Katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan ushbu kitobda ilgari surilgan asosiy da'volar esa quyida keltiriladi

1. Tramp saylovda qayta g‘alaba qozonish uchun Xitoydan yordam so‘ragan...

Bolton kitobda Prezident Tramp va uning xitoylik hamkasbi Si Tszinpin o‘rtasida o‘tgan yili Yaponiyada bo‘lib o‘tgan G20 uchrashuvini tasvirlagan.

«AQSh prezidenti «ajoyib tarzda suhbatni yaqinlashib kelayotgan 2020 yilgi prezident sayloviga burdi va Xitoyning iqtisodiy imkoniyatlarini e'tirof etib, Sidan o‘zining g‘alaba qozonishini ta'minlashni iltimos qildi.

U saylov natijalarida fermerlarning ahamiyatini ta'kidladi va Xitoydan soya va bug‘doy iste'molini ko‘paytirishni so‘radi», deb yozadi Bolton.

Ma'lumot o‘rnida qayd etish lozim, qishloq xo‘jaligi Amerikaning markaziy va g‘arbiy shtatlaridagi muhim tarmoqlardan biri bo‘lib, Trampning 2016 yilgi saylovda g‘olib bo‘lishiga yordam bergan.

2. «...internat-lagerlarini qurish – bu «to‘g‘ri ish»

Xitoyning uyg‘urlarga va boshqa etnik ozchiliklarga qilgan munosabati xalqaro tanqidga sabab bo‘ldi, Shinjon mintaqasidagi lagerlarda millionga yaqin odam hibsga olingani taxmin qilinadi.

Chorshanba kuni prezident Tramp ommaviy qamoqqa olish bilan shug‘ullangan xitoylik amaldorlarga qarshi sanksiyalarni imzolagani uchun Xitoyning g‘azabkor reaksiyasiga sabab bo‘ldi.

Ammo Boltonning kitobida keltirilishicha, Si lagerlarni qurish fikrini aytganida AQSh prezidenti Xitoyning harakatlarini ma'qullagandi.