Bir hafta oldin Tramp xuddi shunday bayonot bergan edi, u katta xalqaro rezonansga sabab bo‘ldi, chunki Qo‘shma Shtatlar 1992 yildan beri yadroviy sinovlar o‘tkazmagan.
Chorshanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumatga ehtimoliy yadroviy sinovlarning maqsadga muvofiqligini baholashni topshirgani ma’lum bo‘ldi. Kreml e’lon qilgan Xavfsizlik kengashi majlisi stenogrammasiga ko‘ra, Putin mudofaa va tashqi siyosat vazirliklari, maxsus xizmatlar va fuqarolik idoralariga tegishli ma’lumotlarni to‘plashni yo‘lga qo‘yishni buyurgan.
Rossiya prezidentining aytishicha, to‘plangan ma’lumotlar yadroviy sinovlarga ehtimoliy tayyorgarlik bo‘yicha takliflar tayyorlashning asosi bo‘lishi kerak.
Shu orada, AQSh nimani aniq sinovdan o‘tkazishi rejalashtirilayotgani hali noma’lumligicha qolmoqda. Trampning dastlabki bayonotidan keyin ekspertlar gap, ehtimol, to‘g‘ridan to‘g‘ri yadroviy portlashlar haqida emas, balki uchirish tizimlari va yadroviy qurolning boshqa komponentlari haqida ketmoqda, deb hisobladi.
AQSh energetika vaziri Kris Raytning ta’kidlashicha, gap yadroviy portlashlarni o‘tkazish haqida emas. “Biz gapirayotgan sinovlar — bu tizimli testlar. Ular yadroviy portlashlar emas”, — dedi u va o‘z vazirligi Amerika yadroviy arsenalining ko‘p jihatlari uchun javob berishini qo‘shimcha qilib o‘tdi.
Tramp yangi videoyozuvda bo‘lajak sinovlarning tafsilotlarini ochiqlamay, faqat dasturni qayta tiklash zarurati haqida umumiy tarzda gapirdi.
Shu bilan birga, Moskva so‘nggi haftalarda yadroviy ritorikani kuchaytirdi. Putin “Burevestnik” qanotli raketaci va yadroviy energetik uskunalarga ega “Poseydon” torpedasi kabi yangi turdagi qurollar haqida so‘z yuritdi. Biroq bu qurollar xususiyatlari xorijda Kremlning avvalgi tahdidlariga nisbatan kamroq xavotir uyg‘otdi.











