O‘zbekiston | 14:44 / 24.06.2020
33260
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 23 iyun kuni bank xodimlarida va avtopark haydovchisida koronavirus aniqlandi

23 iyun kuni Toshkentda banklar xodimlarida, avtopark haydovchisida, nafaqadagi fuqaroda va tez yordam orqali shifoxonaga olib kelingan fuqaroda koronavirus aniqlangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 23 iyun kunlari aholi orasida qayd etilgan kasallanish holatlari bo‘yicha batafsil ma'lumotlarni taqdim etdi.

«Mamlakatimizda aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari uchrab turibdi. Jumladan, Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich nisbatan yuqori ekanini ko‘rish mumkin. 

Avval xabar qilganimizdek, 22 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 146 nafar bemordan 5 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 23 iyun kuni esa 201 nafar bemordan 30 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik ma'lumotga ko‘ra, ham umumiy kasallanish ko‘rsatkichi, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holati keskin ko‘payganini ko‘rish mumkin. Xususan, 23 iyun kuni poytaxtimizda 9 holatda aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlari qayd etildi», deyiladi vazirlik xabarida.

Ma'lum qilinishicha, poytaxtdagi «Asaka bank» tuman filiali xodimi A.G‘.da (tana harorati ko‘tarilgan va poliklinikaga murojaat qilgan), «Ipak yo‘li bank» filiali xodimi M.E.da (shifoxonaga yotish maqsadida namuna topshirgan) kasallik qayd etilgan.

Shuningdek, Uchtepa tumanidagi avtopark haydovchisi B.A.da (tana harorati ko‘tarilgan va tomoqda og‘riq bo‘lgani uchun namuna topshirgan), Olmazor tumanidagi nafaqadagi fuqaro G.N.da, Yunusobod tumanida yashovchi D.X.da (Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markaziga bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi bilan yotqizilgan) koronavirus aniqlangan. 

«Mazkur holatdan kelib chiqqan holda Toshkent shahrida karantin qoidalari birmuncha kuchaytirildi.

Ayni vaziyatda Sog‘liqni saqlash vazirligi poytaxtimiz aholisi va mehmonlaridan karantin va sanitariya qoidalariga qat'iy rioya etishlarini so‘rab qoladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

23 iyun kuni O‘zbekistonning 10 hududida - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Namangan, Andijon, Xorazm, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi.  Ushbu hududlarning 8tasida aholi orasida koronavirus aniqlangan (Qoraqalpog‘iston va Surxondaryodan tashqari).

 

Mavzuga oid