Endi inson haqida.

Tasarrufida mulki bo‘lgan inson o‘zini mulkdor deb his etadi. Bu esa o‘zgacha, sharafli maqom. Aynan shunday – sharafga ega kishilar jamiyati yetuk jamiyat bo‘ladi va ulkan ishlarga qodir bo‘ladi.

Mavzuga o‘tamiz.

Kuni-kecha Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Mazkur qonun loyihasining 3-moddasida «ushbu Qonun kuchga kirgan kundan boshlab dehqon xo‘jaligi uchun yer uchastkalarini meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan ajratish tartibi bekor qilinishi» aytiladi.

Ana xolos! Biz bozor munosabatlarini har bir jabhada rivojlantirib, buning asosi bo‘lmish mulkchilik (egalik) institutlarini qaror toptirish yo‘lidan bormayotganmidik? Nega endi qonunlarga bunday o‘zgartishlar kiritib, yana ortga qadam tashlamoqchi bo‘lyapmiz – sohadagi egalikning oz bo‘lsa-da mavjud ko‘rinishlariga ham putur yetkazmoqchimizmi?

Ha, amaldagi qonunchiligimizga muvofiq mamlakatimizda ekin yerlar davlat mulki hisoblanadi – bu bizga sovet ittifoqidan meros. Nari borsa, ba'zi yerlar umrbod foydalanishga berilgan bo‘lib, o‘sha «ba'zi» yerlar – asosan dehqon xo‘jaliklariga berilgan yerlar. Ammo, hayot bir joyda turgani yo‘q – biz islohotlar yo‘lida odimlayapmiz, har bir narsani haqiqiy egasiga topshirishga urinyapmiz.  

Garchi bu – mamlakatimiz ekin yerlarining atigi 11,3 foizini tashkil qiluvchi yerlar dehqonlarning xususiy mulki deb hisoblanmasa-da, dehqon tili bilan aytganda «umrbodga» berilgani uchun dehqonlar o‘zlarini yer, ya'ni mulk egasi, deb his qilishadi, aynan shu uchun ham uzoq muddatli rejalar qilishadi, oilalarining kelajagini shu yer bilan bog‘lashadi

«O‘zlarini mulk egasi deb his qilishadi», dedik. Til uchun bu shunchaki ikki og‘iz gap. Ammo chuqurroq qaraydigan bo‘lsak, bu so‘zlarda katta mazmun topamiz. O‘zini yer egasi deb his qilgan kishi qalbida kelajakka ishonch, ongida esa uzoq muddatli rejalari tuzilgan bo‘ladi. Bu esa o‘ta muhim – ertasiga ishonchi va rejalari bo‘lmagan odam yurti uchun jon kuydiradimi, loaqal atrofini yig‘ishtiradimi? Yo‘q! Amrimahol bu!

O‘zi yashab turgan zamini bilan mulk orqali bog‘lanmagan insonda Vatan tuyg‘usi ham, Vatanida bo‘layotgan jarayonlarga nisbatan munosabat ham «o‘ziga yarasha» bo‘ladi.