O‘zbekiston | 23:26 / 30.06.2020
32271
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istondan kelgan qoraqalpog‘istonlik bemor Toshkentda vafot etdi

10 iyun kuni Qozog‘istondan kelgan va 19 iyun kuni koronavirusga chalingani aniqlangan qoraqalpog‘istonlik bemor olamdan o‘tdi. Bu O‘zbekistonda koronavirus tufayli qayd etilgan 26-o‘lim bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus infeksiyasiga chalingan qoraqalpog‘istonlik bemor Toshkentda o‘pka va o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etgani to‘g‘risida xabar berdi.

«Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanida yashovchi, 62 yoshli B.Ya. (erkak) joriy yil 10 iyun kuni Qozog‘istondan kelganligi sababli Karantin markaziga joylashtirilgan. 15 iyun kuni esa hamroh kasalliklari tufayli Yakkasaroy tuman shifoxonasiga yotqizilgan. 

19 iyun kuni unda koronavirus aniqlangan va Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasiga o‘tkazilgan hamda o‘tgan kunlar davomida reanimatsiya bo‘limida bo‘lgan. 

Unga yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, surunkali yurak, buyrak, jigar yetishmovchiligi kabi qator kasalliklar bo‘yicha tashxis qo‘yilgan. 
 
Bemor bundan avval, oxirgi 5 yil davomida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, surunkali yurak va jigar yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib kelgan.
 
Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli yetakchi shifokorlar, shuningdek, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan telemeditsina orqali konsiliumlar o‘tkazilib, doimiy nazoratga olingan. 

Biroq shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘pka va o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi  Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

O‘zbekistonda so‘nggi 3 kun davomida koronavirus tufayli 6 o‘lim holati (har kuni ikkitadan) qayd etildi va koronavirusdan vafot etganlarning jami soni 26 nafarga yetdi.

Shu vaqtgacha Toshkentda 13, Namanganda 4, Samarqandda, Surxondaryo va Jizzaxda 2tadan, Farg‘ona va Buxoroda bittadan o‘lim ro‘y bergandi.

Mavzuga oid