Fanda geografik joy nomlari toponimlar, ularni tadqiq qiluvchi yo‘nalish esa toponimika deyiladi. Kun.uz muxbiri Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi Andrey Kubatin bilan bog‘lanib, Toshkent vohasidagi qadimiy joy nomlari haqida qiziqarli ma'lumotlarni oldi.

Toponimlarni o‘rganish nima uchun muhim?

Joy nomlari yozma va arxeologik manbalar kabi har bir o‘lka uchun muhim tarixiy manba hisoblanadi. Toponimik ma'lumotlar hududning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayoti haqida tarixiy tasavvurlar berish bilan birga qadimda har bir hududda qanday etnoslar yashaganini aniqlashga ham katta yordam beradi. O‘zbekiston hududida ming yildan ziyod tarixga ega joy nomlari juda ko‘p, jumladan, Toshkent viloyatida ham.

Toshkent vohasi qadimdan Markaziy Osiyo xalqlari tarixida muhim o‘rin tutgan. Choch vohasida qadim va ilk o‘rta asrlarda mavjud bo‘lgan joy nomlariga oid ma'lumotlar asosan xitoy va arab-fors manbalarida saqlanib qolgan. Vohaga taalluqli ba'zi bir joy nomlari esa qisman sug‘diy va boshqa tillardagi manbalarda uchraydi.

Chinonchkat – Chinoz, Farankat – Parkent

IX-X asrlarning arab geograflari o‘z asarlarida Toshkent shahri – Binket nomi bilan birga Toshkent vohasidagi o‘nlab shaharlar nomlarini tilga olishgan. Bu nomlar xuddi o‘shanday, qisman yoki sal o‘zgargan shaklda viloyatdagi shahar va qishloqlarning nomi sifatida shu kungacha saqlanib kelgani bilan ahamiyatlidir.

Masalan, X asr geografi Maqdisiyning «Ahsan ut-taqosim fi ma'rifat ul-aqolim» («Iqlimlarni o‘rganish uchun eng yaxshi qo‘llanma») asarida Chinonchkat, Kabarna, Nomadvonak, Barkush, Farankat, Zarankat, Navkat, Xos, Biskat kabi shaharlari nomlari tilga olingan.

Chinonchkat Chinoz shaklida hozir Chinoz tumani markazi va tuman nomida, Kabarna Kavardan shaklida Yuqori Chirchiq tumanidagi qishloq nomida, Barkush Pargos shaklida Bo‘stonliq tumanidagi qishloq nomida, Farankat Parkent tumani markazi va tuman nomida, Zarankat Zarkent, Namadvonak Nomdanak shaklida Parkent tumanidagi qishloqlar nomida, Xos o‘z holicha Bekobod tumanidagi qishloq nomida, Biskat