Jahon | 20:06 / 06.07.2020
5826
2 daqiqa o‘qiladi

Sud jurnalist Prokopevani terrorizmni oqlash va targ‘ib qilishda aybdor deb topdi

Prokuror Svetlana Prokopevani olti yil koloniyaga hukm qilib, to‘rt yil jurnalistika bilan shug‘ullanishni taqiqlashni talab qilgan edi.

Sud Rossiyaning Pskov oblastida yashovchi jurnalist Svetlana Prokopevani terrorizmni oqlash ishi bo‘yicha aybdor deb topdi. Prokuror jurnalist qiz uchun olti yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini so‘ragan bo‘lsa-da, sud 500 ming rubl jarima bilan kifoyalangan, deb yozadi Forbes Russia.

Svetlana Prokopeva. Foto: Artyom Avanesov

«Mediazona»ga ko‘ra, 2-G‘arbiy okrug harbiy sudi pskovlik jurnalist qiz Svetlana Prokopevani terrorizmni omma oldidagi chiqish bilan oqlash va targ‘ib qilish (RF jinoyat kodeksining 205.2-moddasi 2-qismi) bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha aybdor deb topgan. Sud jurnalistga 500 ming rubl jarima tayinlagan. Bungacha prokuror uni olti yil koloniyaga hukm qilib, to‘rt yil jurnalistika bilan shug‘ullanishni taqiqlashni talab qilgan edi. Modda bo‘yicha maksimal jazo — yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Jinoiy ish 2019 yilning fevralida qo‘zg‘atilgan edi. O‘shanda Prokopevaning uyiga tintuv uchun kelishgan, o‘zini esa bir necha marta Tergov qo‘mitasiga tergovga chaqirishgan. Bunga sabab Prokopeva «Exo Moskvy v Pskove» radioefirida 2018 yilda FQBning Arxangelsk oblastidagi hududiy boshqarmasi binosida o‘zini o‘zi portlatgan anarxist Mixail Jlobitskiyga bag‘ishlangan dasturida teraktni davlatning mamlakat aholisiga nisbatan «repressiv» siyosatiga, uydirmaga asoslangan jinoiy ishlar va odamlarda o‘z haq-huquqini qonuniy himoya qilish imkoniyati yo‘qligiga bog‘lagan. Prokopevaning o‘zi aybini tan olmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Svetlana Prokopevaning suddagi so‘nggi so‘zi e'lon qilingandi. «Men kasbiy burchim doirasidan chiqadigan biror narsa qilmadim», degan edi u suddagi so‘nggi so‘zida.

Mavzuga oid