13 iyul motam kuni. To‘qayev qozog‘istonliklarga murojaat qildi
Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayev televideniye orqali Qozog‘iston xalqiga murojaat qildi. Murojaat matni Oqo‘rda rasmiy saytida e'lon qilindi.
O‘z nutqida koronavirus bilan bog‘liq holat jiddiy va murakkab holda qolayotganini ta'kidlab o‘tgan.
«Koronavirus tahdidiga yetarlicha baho bermaslik mumkin emas. Buni oddiy gripp deb o‘ylash – xato. Bu ancha ayyor va xavfli kasallik. Jahonda kasallanganlar soni qariyb 12 millionga yetdi, qurbonlar soni ortib bormoqda», degan To‘qayev
Qozog‘iston prezidenti pandemiya boshidanoq dadil va qat'iy choralar ko‘rilgani ko‘plab qurbonlarning oldini olganini, biroq karantin choralariga ommaviy ravishda e'tiborsizlik qilinishi, SSVning tizimli xatolari, hokimlarning sustkashligi ikkinchi to‘lqinga sabab bo‘lganini, shu tufayli davlat komissiyasi tomonidan butun mamlakat bo‘ylab ikki haftalik karantin joriy qilinishi to‘g‘risida qaror qabul qilinganini ta'kidlagan.
«Bu to‘g‘ri qaror. Ayni paytda vaziyat barqarorlashganining ilk belgilari paydo bo‘ldi. Lekin bo‘shashishga erta. Kelayotgan haftalar pandemiyaga qarshi kurashda hal qiluvchi bo‘ladi», degan To‘qayev.
Mamlakat kasalxonalarida koronavirusga chalingan bemorlar uchun o‘rinlar ko‘paytirilmoqda. Ularning soni 70 foizga oshirilib, 43 mingtaga yetkaziladi. Testlar soni sutkasiga 40 mingtaga oshiriladi.
To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, dori preparatlari, o‘pkani sun'iy shamollatish apparatlari va boshqa shoshilinch choralar uchun 150 milliard tenge yo‘naltiriladi.
«Taassufki, kasallik qozog‘istonliklarni hayotdan olib ketmoqda. Rasmiy ma'lumotlar ortida yuzlab oilalarning kulfati turibdi. Kimdir otasi, onasi, akasi, singlisi, o‘g‘li, qizini yo‘qotgan. Men vafot etganlarning yaqinlari va qarindoshlariga o‘z ta'ziyamni izhor etaman. Bu barchamizning umumiy fojiamiz.
Shu sababli men 13 iyulni pandemiya tufayli vafot etgan qozog‘istonliklar xotirasiga motam kuni deb e'lon qilaman», degan To‘qayev.
Mavzuga oid
15:30
Qozog‘istonga yo‘lbarslar qaytarilmoqda. Ular bundan 70 yil avval yo‘qolib ketgandi
09:40 / 12.11.2024
«Forish» poligonida O‘zbekiston va Qozog‘iston harbiy mashg‘ulotlari boshlandi
20:54 / 11.11.2024
Qozog‘iston bahorda Markaziy Osiyo davlatlaridan 11 milliard kub metr suv oladi
20:06 / 11.11.2024