O‘zbekiston | 16:51 / 09.07.2020
60979
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda 28 yoshli ayol koronavirus qurboniga aylandi

Jizzaxda 4 iyul kuni koronavirus tasdiqlangan 28 yoshli ayol olamdan o‘tdi. U O‘zbekistonda koronavirus tufayli vafot etgan eng yosh bemor bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jizzaxda 28 yoshli ayol koronavirusning navbatdagi qurboniga aylangani haqida xabar berdi. Avvalgi qurbonlardan farqli ravishda bu holatda bemor uzoq yillardan beri qaysidir kasallikdan davolanib kelayotgani qayd etilmagan.

«Jizzax shahrida yashovchi 28 yoshli M.O. (ayol)ning joriy yilning 22 iyun kunidan tana harorati ko‘tarilib, u uy sharoitida davolanib yurgan.

Bemor ahvoli og‘irlashib, 4 iyul kuni tibbiyot xodimlariga murojaat qilganidan so‘ng, undan koronavirusga namuna olingan va infeksiya bilan kasallangani tasdiqlangan. Unda ikki tomonlama bronxopnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi kuzatilgan.

Bemor davolanish jarayonida mutaxassislar tomonidan bir necha marta konsultatsiya qilingan, unga tasdiqlangan standartlar asosida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 

Bemorda o‘tkir nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayganligi sababli u sun'iy nafas berish apparatiga ulangan.

Biroq ko‘rsatilgan reanimatsion choralarga qaramasdan bemorning holati keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bugun kun davomida 4ta o‘lim holati qayd etildi, O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 49taga yetdi.

Shu vaqtgacha Toshkentda 29, Namanganda 4, Buxoro, Jizzax va Samarqandda 3, Surxondaryo va Navoiyda 2tadan, Farg‘ona, Qashqadaryo va Qoraqalpog‘istonda bittadan o‘lim ro‘y berdi.

Mavzuga oid