O‘zbekiston | 23:45 / 12.07.2020
10752
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 60taga yetdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda koronavirusga chalingan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar berdi.
 
«Olmazor tumanida yashovchi 65 yoshli M.X.da (ayol) so‘nggi ikki haftada tana haroratining ko‘tarilishi, holsizlik, yo‘tal kuzatilib, uyida davolangan. Tana harorati tushmagach, Covid-19 infeksiyasiga namuna topshirgan. 
 
Bemor Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Unga Covid-19 infeksiyasi og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas va o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. 

Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, gipertoniya, arterial gipertenziya hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. 
 
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bu O‘zbekistonda koronavirus tufayli qayd etilgan 60-o‘lim holati bo‘ldi.

Shu vaqtgacha Toshkentda 35, Buxoro, Surxondaryo va Namanganda 4, Jizzax, Samarqand va Navoiyda 3tadan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda bittadan o‘lim ro‘y berdi. Hozirga qadar faqat Andijon va Sirdaryo viloyatlaridagina virus qurbonlari qayd etilmadi.

Mavzuga oid