Jahon | 00:35 / 13.07.2020
101644
7 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: Rossiya o‘limlar soni bo‘yicha o‘nlikka kirmoqda, AQShda yangi antirekord

AQShda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq kunlik holatlar soni o‘sishda davom etmoqda, dam olish kunlari yangi antirekordlar qayd etildi. Isroilda esa hukumatdan karantin vaqtida to‘lov talab qilgan minglab kishilar ko‘chalarga chiqdi.

Foto: Stanislav Krasilnikov/TASS

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda Covid-19’dan zararlanganlar soni 13 millionga yaqinlashdi, 565 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi.

So‘nggi bir kunda dunyoda koronavirusdan 230 mingdan ortiq yangi kasallanish holati qayd etildi. Bu ayni vaqtda rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Bundan avvalgi kunlik o‘sish bo‘yicha eng yuqori natija 10 iyulda qayd etilgan, o‘shanda bir kunda dunyo bo‘ylab 228 mingdan ko‘proq yangi kasallanish holati aniqlangan.

Rossiya o‘limlar soni bo‘yicha o‘nlikka kirishga yaqin - 11335 o‘lim va 11-o‘rin. Bu borada hamon AQSh yetakchi - okeanorti davlatida shu vaqtgacha koronavirus qurbonlari soni 137 mingdan oshdi.

Tramp niqobda va AQShda yangi antirekord

 Tramp bir necha bor koronavirusdan himoyalanish uchun niqob taqish niyatida emasligini ma'lum qilgandi / REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp kameralar qarshisida tibbiy niqobda paydo bo‘ldi - bu uning pandemiya davrida ilk marta himoya vositasi taqqan holda ko‘rinish berishidir. Bu hodisa shanba kuni sodir bo‘ldi, shu kuni mamlakatda koronavirusdan zararlanish holatlari bo‘yicha navbatdagi rekord ko‘rsatkich qayd etildi - 66 mingdan ortiq yangi holat.

Tramp shanba kuni Vashington tashqarisidagi Uolter Rid nomidagi gospitalga tashrifi vaqtida niqob taqqan. To‘q ko‘k rangli niqobning chap tomoni pastki qismida prezidentlik muhri tushirilgan. U bu gospitalda jarohatlangan harbiy xizmatchilar va Covid-19 bemorlarini parvarish qilayotgan tibbiy xodimlar bilan uchrashgan.

«O‘ylashimcha, niqob taqish — juda yaxshi. Men hech qachon niqobga qarshi bo‘lmaganman, biroq uni taqishning joyi va o‘z vaqtli borligiga ishonaman.

Fikrimcha, aniq bir vaziyat sabab gospitalga kelganingizda, ayrimlari hozirgina operatsiya stolidan chiqqan ko‘plab askarlar, odamlar bilan muloqotda bo‘lganda niqob taqish o‘rinli», degan Tramp Oq uyni tark eta turib.

OAV xabariga ko‘ra, Trampning yordamchilari bir necha marta undan omma oldiga chiqqanida niqob taqishni so‘rashgan. Ammo u mitinglarda, matbuot anjumanlarida va boshqa ommaviy marosimlarda qatnashganida bu maslahatlarga quloq solmagan.

Assoshieyted press manbasi xabariga ko‘ra, prezident niqobda o‘zi ojiz ko‘rinishidan xavfsiragan. Bundan tashqari, u niqob taqish jamoatchilik e'tiborini Amerika iqtisodiyotini tiklashga emas, sog‘liqni saqlash tizimiga qaratadi deb hisoblaydi.

AQSh kasallanganlar va vafot etganlar soni bo‘yicha dunyoda birinchi - 3,3 milliondan ortiq kasallanish holati va 137,6 ming o‘lim holati. Epidemiologlarning fikricha, bu epidemiyani jilovlanishning yagona mexanizmi joriy etilmagani bilan bog‘liq. Alohida shtatlar hukumatlari mahalliy darajada qarorlar qabul qilishgan, ammo federal miqyosda strategiya ishlab chiqilishi zarur bo‘lgan.

Kasallanish holatlari o‘sishda davom etayotganiga qaramay, Floridada yana Walt Disney World ochildi. Tashrif buyuruvchilar niqobda bo‘lishi va boshqa ehtiyot choralariga amal qilishi kerak bo‘ladi. Bir necha hafta oldin Orlandoda ham bir qator ko‘ngilochar maskanlar faoliyatini boshlagandi. AQShdagi jami kasallanish holatlarining to‘rtdan bir qismi ushbu shtat hissasiga to‘g‘ri keladi.

Rossiya va Britaniyadagi vaziyat

ALEXANDER DEMIANCHUK/TASS

Rossiyada o‘tgan kunda yana 6615 kishida koronavirus aniqlandi, 130 bemor vafot etdi. Rossiyada kasallik tarqala boshlaganidan buyon jami 727 ming kishi virusdan zararlangan (dunyoda 4-o‘rin), 501 061 kishi tuzalgan, 11335 kishi vafot etgan (11-o‘rin). Bu borada to‘qqizinchi o‘rindagi Eronda 12829 qurbon qayd etilgan, o‘ninchi o‘rindagi Peruda 11682 kishi virus tufayli olamdan o‘tgan.

Yakshanba kuni Moskvadagi Sechenov universitetida koronavirusga qarshi vaksinani ko‘ngillilarda sinash ishlari yakunlandi. Vaksina Epidemiologiya va mikrobiologiya milliy tadqiqot markazida ishlab chiqilgan. Uning sinovlari 17 iyundan ikki joyda - Sechenov universiteti va Burdenko nomidagi harbiy gospitalda boshlangan. Har ikki joyda 38 nafardan ko‘ngilli emlashda ishtirok etgan. Ma'lum qilinishicha, universitetda vaksinaning kukun ko‘rinishidagi varianti qo‘llangan. Undan emlash joyining o‘zida mushakka kiritishga mo‘ljallangan suyuqlik tayyorlangan. Gospitalda esa vaksinaning suyuq holatdagi ko‘rinishi qo‘llangan.  

Hozirda butun dunyo bo‘ylab 200 tashkilot virusga qarshi vaksinani tayyorlash ustida ish olib bormoqda, ayni vaqtda 18 preparat odamlarda sinab ko‘rilmoqda.

Buyuk Britaniyada shanba kuni ochiq osmon ostidagi basseynlar va teatrlar ochildi, shuningdek kriket ham o‘ynash mumkin. Mamlakatda jamoat joylarda niqob taqishni majburiy qilish bo‘yicha munozaralar davom etmoqda. Hozircha hukumat fuqarolarning sog‘lom fikrlab, o‘zlari ixtiyoriy ravishda niqob taqishiga ishonch bildirmoqda va buni majburiy qilish choralarini joriy etmayapti.

Dunyoda nimalar bo‘lmoqda

Braziliyalik harbiy dezinfeksiya ishlarini amalga oshirmoqda / Getty Images

Lotin Amerikasidagi holat yomonlashishi davom etmoqda. Dunyo reytingining yuqori o‘nligidan mintaqaning to‘rt davlati o‘rin olgan - Braziliya, Peru, Chili va Meksika.

Braziliyada yakshanba kuni Katarin shtatining futbol bo‘yicha chempionati to‘xtatildi, bu shtatdagi jamoalardan birining 14 futbolchisida virus aniqlangan. Chempionat tanaffusdan keyin 8 iyul kuni tiklangandi.

Hindistonda kasallanish holatlari yana avj oldi va bugunga kelib qayd etilgan holatlar soni 870 mingdan oshdi. Yakshanba kuni Bollivudning mashhur aktyorlari - 77 yoshli Amitabx Bachchan, uning o‘g‘li - 44 yoshli Abxishek Bachchan, kelini 46 yoshli Ayshvariya Ray va 8 yoshli nabirasida koronavirus aniqlandi.

Hindiston kasallanish holatlari soni bo‘yicha dunyo reytingida AQSh va Braziliyadan (1,8 mln) keyingi uchinchi o‘rinda, o‘lim holatlari soni bo‘yicha (23 187) sakkizinchi o‘rinda joylashgan.

Shanba kuni Isroilda minglab kishilar norozilik aksiyalari uyushtirishdi. Ular hukumatdan koronavirus tufayli yuzaga kelgan inqirozni bartaraf eta olmayotgani uchun norozi bo‘lishmoqda.

Tel-Avivdagi namoyishlar moliyaviy tomondan qiynalib qolganlar tomonidan tashkillashtirildi - bular kichik kompaniyalar rahbarlari, xususiy tadbirkorlar va san'at sohasi vakillari.

Ular hukumat to‘lovlari kechikayotganidan, ayrimlar moliyaviy yordamni oylab kutishiga to‘g‘ri kelayotganidan darg‘azab bo‘lishgan.

Mavzuga oid