O‘zbekiston | 21:28 / 15.07.2020
16453
3 daqiqa o‘qiladi

«Hokimlar haqiqiy ahvolni o‘rganmagan» – Toshkent shahri va viloyatida koronavirusga qarshi kurashish borasidagi ishlar tanqid qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 iyul kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

«Koronavirus kasalligi yurtimizga kirib kelganidan beri davlatimiz rahbari epidemiologik holatni jiddiy nazoratga olib, deyarli har bir yig‘ilishda bu masalaga to‘xtalib o‘tmoqda. Kecha bo‘lib o‘tgan selektorda ham joylarda bu boradagi ishlar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisoboti eshitilgan edi. Ularning hozirgi murakkab vaziyatni to‘g‘ri baholay olmayotgani, xavfni tushunib yetmayotgani ayonlashdi.

Ayniqsa, Toshkent shahri va poytaxt viloyatida hokimlar va sektorlar rahbarlari ishonib topshirilgan hududlardagi haqiqiy ahvolni o‘rganmagan. Tibbiyot muassasalaridagi real vaziyatni bilmaydi. Aholini virusdan ogohlantirish va saqlash, kasallarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri davolash uchun mas'uliyatni his qilmagan», dedi bugungi yig‘ilishda davlat rahbari.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ham, keyingi bir oyda koronavirusni davolash strategiyasi va taktikasi keskin buzilgan, real holatdan kelib chiqib, davolash amaliyoti o‘zgartirilmagan.

Toshkent shahrida kasallikni aniqlaydigan testlar va zarur tibbiyot vositalari yetishmayapti. Dorixonalarda virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz, bir necha barobar oshirib yuborilgan, bu esa aholi orasida ko‘plab e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Ayni paytda Toshkent shahri shifoxonalarida 418ta, Toshkent viloyatida esa 816ta shtat birliklari bo‘sh turgani vazirlik va hokimiyat tomonidan joriy vaziyat o‘z holiga tashlab qo‘yilganidan dalolat beradi.

Yig‘ilishda aholi koronavirus va boshqa kasalliklar bo‘yicha qayerga borib murojaat qilishni va davolanishni bilmay, sarson bo‘layotgani, shoshilinch tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilib tushish qiyinlashib ketgani ta'kidlangan.

– Yana bir bor ta'kidlayman. Ayni paytda butun dunyo, shu jumladan, biz ham ko‘rinmas dushman bilan chin ma'noda urush olib boryapmiz. Bu virusning barcha xavf va xatarini to‘g‘ri baholab, har tomonlama tayyorgarlik ko‘rib kurashsak, uni albatta yengamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid