O‘zbekiston | 14:19 / 16.07.2020
7206
5 daqiqa o‘qiladi

«Hafsalasizlik infeksiya manbayini yaratishi mumkin». Ibrohim Abdurahmonov ishlatilgan niqoblarni ko‘cha-ko‘yda tashlab ketmaslikka chaqirdi

O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov aholini ishlatilgan niqoblarni duch kelgan joyga tashlab ketavermaslikka chaqirdi.

«Jamoat joylarida, ko‘chalarda ishlatilib, tartibsiz tashlab ketilgan himoya niqoblariga ko‘zingiz tushgandir. Koronavirus infeksiyasining simptomlarsiz o‘tadigan turi ham borligi haqida tinimsiz aytilmoqda. Shu bilan birga, katta ehtimollik bilan virusli tomchilar qurib, havo orqali ko‘chib yurishi va tarqalishi mumkinligi to‘g‘risida ham xavotirlar paydo bo‘lyapti. Shu nuqtayi nazardan qaralsa, hafsalasizlik bilan uloqtirilgan himoya niqoblari xavf tug‘diradigan infeksiya manbayi bo‘lishi mumkin.

Balki jamoat joylariga ishlatilgan niqoblar uchun maxsus dezinfeksiyalovchi konteynerlar qo‘yilishini tashkil qilish kerakdir. Nima bo‘lganda ham, minglab kishilar shunday holatlarga e'tibor berishlari, jamoat joylarida va oilada gigiyena-sanitariya talablariga qat'iyan rioya qilishlari kerak bo‘ladi.

Har birimiz tabiiy zaruratga aylangan karantin choralariga rioya qilishimiz, ishlatilgan niqoblarni iloji boricha dezinfeksiyalab, keyin belgilangan joylarga tashlashga harakat qilishimiz kasallikni yengishda katta yordam beradi», – deb yozadi olim Kun.uz'ga taqdim etilgan maqolasida.

Karantin saqlash – faqat insonlargagina xos xususiyat emas

Biologiya fanlari doktorining so‘zlariga ko‘ra, kasallik tarqalish sharoitida o‘z-o‘zini ihotalash faqat insonlargagina xos narsa emas. Abdurahmonov bunga bir necha ilmiy dalillarni sanab o‘tgan.

«Pandemiya bilan bog‘liq ravishda yuzaga kelgan vaziyatni o‘nglashning eng maqbul va xavfsiz chorasi infeksiya keng tarqalmasligi uchun karantin tadbirlarini kuchaytirish ekanligi aytilmoqda. Aslini olganda bu – tiriklik evolyutsiyasida omon qolish instinktidir.

Mukammal ekotizim hisoblangan jonli tabiatda jamoaviy hayot ko‘rinishlarida kasallik tufayli ommaviy qirilib ketishdan saqlanish chorasi sifatida ham o‘z-o‘zini ihotalashning o‘rnak bo‘larli ko‘rinishlari mavjud. Biolog va genetik olim sifatida bu borada bir necha misollar keltirmoqchiman.

O‘z jamoasidagi intizom bilan ilmiy va hujjatli manbalardan o‘rin olgan chumolilar jamoasida infeksiya yuqtirib olish sharoitida qat'iy cheklovlar joriy qilish tartibi mavjud. O‘ziga xos zamburug‘ kasalligini yuqtirib olgan chumolilar boshqa turdoshlariga yaqinlashishdan qochishadi. Agar kasallik jamoaning ma'lum qismiga yuqsa, zararlangan chumolilar o‘zlariga cheklov o‘rnatishadi, sog‘lom turdoshlari esa indan tashqariga chiqmaslik uchun qilinadigan ishlarni o‘zaro taqsimlab olishadi. Ya'ni kasallik tarqalganida ushbu jamoada to‘la karantin joriy qilinadi, sog‘lom jonzotlar bir-birlari bilan muloqotni kamaytiradi.

Bunday tartib jonzotlarning boshqa jamoalarida ham mavjud. Omar deb ataladigan qisqichbaqalar kasallangan turdoshini boshqalardan ihotalab qo‘yishadi. Karib dengizidagi langusta deb ataladigan jonzotlar kasallangan turdoshiga yaqinlashishdan ko‘ra, tashqarida qolishni afzal ko‘rishadi.

Bunday tartib vahshiy jonzotlarda ham kuzatiladi: sherlar kasalni jamoadan chiqarib yuborishadi, kasallangan bo‘ri esa o‘z to‘dasini tashlab ketadi.

Tabiiy instinktlarga ko‘ra hayot kechiruvchi bu jonzotlar atrofida tibbiyot xizmatchisi, dori-darmon yoki tibbiyot haqidagi tushunchasi bo‘lmasa ham, o‘z turdoshlarini, avlodlarini ommaviy qirilib ketishdan saqlab qolish uchun shunday yo‘l tutishadi. Butun yer yuzidagi jonli tabiat shunday tartib asosida yashaydi, bu o‘z-o‘zini saqlab qolishning evolyutsion yechimidir.

Fanda «o‘simliklar karantini» tushunchasi mavjud. Bu ma'lum bir mamlakatning o‘simlik dunyosini saqlab qolish uchun o‘rnatilgan himoyalash tartibidir. Unga ko‘ra, o‘simlik bilan birga kirib keladigan va mamlakat ekotizimiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan mikroorganizmlarni aniqlash va xavfning oldini olish uchun ma'lum vaqtgacha cheklov joriy qilinadi, ya'ni yangi turdagi o‘simliklar nazoratdagi dala maydonlarida ekilib kasalliklari bor-yo‘qligi aniqlanib, tozalanib keyin keng maydonlarga chiqariladi.

Shuningdek, aholi salomatligiga xavf tug‘dirmaslik uchun tuproq, havo, suv va tabiat xavfsizligi choralarini qo‘llash amaliyoti ham mavjud. Odamlar salomatligiga zarar keltirishi gumon qilinsa, daryolar, ko‘llar, butun-butun hududlar ihotaga, ya'ni karantinga olinadi.

Qisqacha aytganda, muttasil rivojlanib va o‘z-o‘zini himoyalab turgan tabiat ham insoniyatga vaziyat taqozo qilganida qanday tartiblarga rioya qilish zarurligini ta'kidlab turganday. Insoniyat bundan to‘g‘ri namuna ola bilishi lozim», – deydi Ibrohim Abdurahmonov.

Mavzuga oid