O‘zbekiston | 23:38 / 20.07.2020
12835
6 daqiqa o‘qiladi

Kunlik o‘limlar soni yana 4tani tashkil etdi. Rasman tasdiqlangan o‘limlar soni 90dan oshdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi 20 iyul kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalinish oqibatida ro‘y bergan 4ta o‘lim holati haqida xabar berdi. Oltinchi kundirki kunlik o‘limlar soni to‘rttani tashkil etmoqda.

Birinchi o‘lim. 8 iyul kuni Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan 60 yoshli ayol 19 iyul kuni o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan. Bu Olmazor tumani «Mirzo G‘olib» mahallasida joylashgan 18-oilaviy poliklinikada ishlagan katta hamshirasi Feruza To‘xtayeva edi.

Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 60 yoshli F.T. (ayol)da joriy yil 8 iyul kuni Covid-19 tasdiqlangan va u Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga Covid-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Bemorda kasallik sepsis, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik kabi asoratlar bilan kechgan. 

Shuningdek, u yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiya, qandli diabet kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. 

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. 5 iyul kuni Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan yunusobodlik 51 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi 51 yoshli V.T. (erkak)da joriy yil 5 iyul kuni Covid-19 tasdiqlangan va u Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. 

Unga Covid-19 infeksiyasi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik sepsis, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. 

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. 17 iyul kuni Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan uchtepalik 42 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashagan 42 yoshli S.S. (erkak)da joriy yil 17 iyul kuni Covid-19 tasdiqlangan va u o‘ta og‘ir ahvolda Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan va sun'iy nafas berish apparatiga o‘tkazilgan.

Unga Covid-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Bemorda kasallik sepsis, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 4-darajasi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik kabi asoratlar bilan kechgan.

Shuningdek, u yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, qandli diabetning dekompensatsiya bosqichi kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.

Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan.

Biroq hamroh kasalliklar fonida kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. 27 iyun kuni Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga mirobodlik 52 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Toshkent shahri Mirobod tumanida yashagan 52 yoshli A.X. (erkak) Rossiyada chap o‘pka yuqori bo‘lagi o‘smasini davolash va ximioterapiya muolajalaridan so‘ng 5 iyun kuni O‘zbekistonga qaytgan. 

Bemorda holsizlik, ko‘krak qafasida og‘riqlar kuzatilgan va 15 iyun kuni Yakkasaroy tumani tibbiyot birlashmasi statsionariga yotqizilgan.

Unda 27 iyun kuni Covid-19 tasdiqlangan va u Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga o‘tkazilgan.

Unga Covid-19 infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik sepsis, o‘tkir nafas  yetishmovchiligining 2-darajasi kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, bemor o‘pka  saratoni,  gipertoniya hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan.

Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Shu tariqa, O‘zbekistonda rasman koronavirus qurbonlari soni 91taga yetdi. Ammo Sog‘liqni saqlash vazirligi statistikasida qayd etilmagan o‘lim holatlari ham bor. 

Mavzuga oid