Jamiyat | 19:58 / 20.07.2020
46405
12 daqiqa o‘qiladi

Qishloqda tappi yoqqan ayollar. Gender tengligidan oldingi gaplar

Foto: KUN.UZ

«Agar o‘g‘il bolaga ta'lim bersang, shaxsga ta'lim bergan bo‘lasan.
Agar qiz bolaga ta'lim bersang, butun ummatga ta'lim bergan bo‘lasan»

(Abdulhamid ibn Bodis)

Bir necha oy davomida xotin-qizlar bilan suhbatda bo‘lib, ularning o‘y-fikrlari, kechinmalari, muammolarini hayotiy hikoyalar shaklida yozib boryapman. Ularning dard-u tashvishi, yelkasiga olgan mas'uliyatini eshitib, bir xulosaga kelish mumkin: jamiyatimiz ayollar manfaatini eng quyi pog‘onaga tushirib bo‘lgan.

Bu yo‘nalishda ayrim ishlar qilinyapti, ammo hukumat masalaga baribir atroflicha, chuqur e'tibor qaratayotgani yo‘q. Quyi pog‘onada xotin-qizlarga oid muammolar ko‘p, ammo ularni hal qilish uchun yaxlit choralar va albatta, qat'iy xohish bo‘lishi kerak. «Ayollarning jamiyatdagi rolini oshirish», «munosib ish va uy-joy bilan ta'minlash» kabi aytilayotgan gaplar bilan masala ildiziga yetib bo‘lmaydi.

Ayolning istagi so‘nggi o‘rinda

Muhtojlik ko‘chasida sarson bo‘lib yurgan xotin-qizlar dardi bilan qiziqsangiz, bu holatga tushib qolishiga bitta katta sabab bor: oiladagi tarbiya.

Afsuski, xotin-qizlarni sabrli, qanoatli bo‘lishga, ro‘zg‘or ishlariga uquvli qilib o‘rgatilsa-da, hayotiy muhim tanlovlarni amalga oshirishda (turmush o‘rtoq tanlash, qaysi kasb egasi bo‘lish va boshqalar), iqtisodiy mustaqilligini ta'minlashga o‘rgatilmaydi. O‘zbekona tarbiya «U ojiza va turmushga chiqqach, erining «qo‘liga» qarashi kerak», degan stereotiplar asosiga qurilgan.

«2010 yil... Endi 19ga to‘lgandim. Oilada kenja farzandman. Erka, aytganini qildiradigan qiz edim. Bo‘yim yetgach, sovchilar kela boshladi. Har xil bahona topib kuyov bo‘lmishlarni rad etaverdim. Bir kuni bozorga tushib edim, qarindoshimni ko‘rib qolim. U menga kuyov topganini aytib qoldi. Uchrashib, gaplashib ko‘ringlar, dedi. Uchrashuvga chiqdim... Oradan 3 oy o‘tdi. O‘sha yigitdan sovchilar keldi. Dadam: «Ikki qizimni xohlaganimga berdim, bunisining ixtiyori ham o‘zimda», dedi. Keyin yigit bilan yana uchrashuvga chiqdim. U ochiqchasiga «Menga xotin emas, ishchi kerak. Yerimiz ko‘p, onam esa ishga yaramay qolgan», dedi. Uyga kelib onamga rozi emasligimni aytdim, ammo bu endi hech kimni qiziqtirmasdi. Ota-onam ra'yiga qarshi borolmay, men ham rozi bo‘ldim. 10 kuni ichida avval unashtiruv, keyin katta to‘y bo‘ldi». — Gulmira Qo‘shoqova, 29 yosh

«2009 yil turmush qurdim. Boshida bunga qarshi bo‘lganman. Chunki unashtirilganimdan keyin erimning qo‘lida nuqsoni borligini bilib qoldim. Eshitishimcha, erim bolaligida yong‘oq daraxtiga chiqib, yiqilib tushgan ekan. Shuning asorati tufayli bir qo‘lini mustaqil harakatlantirolmaydi. Bo‘lgan voqeadan xabar topgach, ota-onamga aytganman. Lekin ular gap-so‘zga qolmaslik uchun to‘yni qaytarishmadi». — Mehriniso Bahromova, 39 yosh

«1993 yilda turmush qurdik. Avvaliga hammasi yaxshi edi. Shaharda o‘zimizning uyimiz bor edi. Ahil-inoq yashardik. Erimning topish-tutishi ham yaxshi edi. Tashkilotda hisobchi bo‘lib ishlardi. 2 yildan keyin o‘g‘lim tug‘ildi. Shundan keyin o‘rtada 2 farzandim nobud bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, bola tushishi xavfi bor, deb abort qildirganman. Erim bolang kichkina, nima qilasan yana farzandli bo‘lib, deb xomilamdan voz kechishga majburlagan. Shifokor ko‘rigiga borganimda, bola tushishi xavfi borligini aytishgan. Shunday bo‘lsa-da, erim mendan bir og‘iz maslahatlashmagan bolani abort qildirayotganimda. O‘sha payti abort qildirayotganimni ham bilmaganman. Agar bolamni abort qilishayotganini bilganimda, bunga hech qachon yo‘l qo‘ymasdim… Erim shunday inson ediki, u biron masalada men bilan maslahatlashmasdi, o‘z bilganicha hal qilardi. Ikkalamiz o‘tirib yaqindan gaplashmasdik ham. Ishi haqida so‘rasam, ishing bo‘lmasin, deb jyerkib berardi. Qayerlarda ishlashi haqidayam bilmasdim, chunki er-xotin bo‘lsak ham ikkita alohida qutbda yashardik go‘yo. Menga buyum sifatida qarardi». — Aziza G‘aniyeva, 47 yosh

«Ularda tanlov imkoniyati yo‘q»

Jurnalist Aziza Qurbonova Telegram-kanalida xotin-qizlarni qiynaydigan ayrim masalalarga to‘xtalib o‘tgan.

«Ularning aksariyatida tanlov imkoniyati yo‘q, desa ham bo‘ladi. Qizlar ko‘pincha na qaysi kasb egasi bo‘lishni, na qaysi to‘garakka borishni, na qaysi hunar o‘rganishni, na kimga turmushni chiqishni o‘zlari mustaqil tanlay olmaydilar.

Ular o‘qimoqchi bo‘lsa, erga tegish kerakligini tanlab berishadi. Ular erga tegmoqchi bo‘lsa, kimga tegish kerakligini tanlab berishadi. Ular ishlamoqchi bo‘lsa, erlari unga ishni tanlab beradi. Ular tug‘moqchi bo‘lsa ham o‘g‘il bo‘lishini talab qilishadi. Hartugul farzand o‘g‘il-qiz bo‘lishini odamlar hal qilolmaydi.

Ularning tanlovi doim so‘roq ostida. Xilma-xillik yo‘q, yo medga o‘qiydi, yo pedga. Balki u zo‘r rasm chizar, balki undan yaxshi programmist chiqar, balki yaxshi bankir bo‘lar? Buni ko‘p ota-onalar o‘ylab ham ko‘rmaydilar, hatto qizlarning o‘zlari ham qat'iy turib buni atrofidagilarga yetkazishga kuch topa bilmaydilar.

Ko‘pincha qizlarimiz 4ta yaltiroq ko‘ylakka aldanib, 3 marta uchrashib, yuzini ko‘rar-ko‘rmas, gapini eshitar-eshitmas kelgan sovchilar orasidan ajratib ko‘rsatilgan bir insonga turmushga chiqadi. Shunday qilib, qizlar uchun avvaliga ota-onalari hal qiladi. So‘ng yo turmush o‘rtog‘i. Yana o‘z hamjinslari bo‘lgan qaynonalari. Keyin esa farzandlari.

Ular tanlasalar ham doim ikkisidan bittasini tanlashlari kerak. Ha, shunday. 2tasidan bittasi. Masalan, ayol yo oila, yo karerani tanlashiga to‘g‘ri keladi. Nimaga bilasizmi? Chunki ish beruvchilar ayolda potensial o‘suvchi, sotsial liftga chiqa oladigan xodimni ko‘rmaydi. Ko‘p hollarda karera qilish uchun kechgacha ishlash kerak, oilali ayol ko‘pincha bunday qilolmaydi, eri ruxsat bermaydi, bolalarini ko‘zi qiymaydi va u o‘rtamiyona ishchi bo‘lib qolishga ko‘nikadi.

Nihoyatda iste'dodli ayollarimiz bugun o‘zlari istagan joyda ishlashga qurblari yetsa ham oldlariga tanlov qo‘yishganda, ikkisidan bittasini tanlashlariga to‘g‘ri kelgan. Agar bugun ishxonalarimizda Mehnat kodeksi so‘zsiz ishlaganida edi, menimcha hurmatli erkaklarimizning ko‘pchiligi ayolining ishlashga ruxsat berardi.

Oilani tanlaganlarni men doim qo‘llab-quvvatlayman, albatta. Ular kelajakka sarmoya tikadilar. Lekin buni ular rozi bo‘lib tanlashlari kerak.

Ruhan o‘zidan qoniqmagan ayol ko‘pincha asabiy bo‘lishi, alamini bolalar va erdan olishi, ishlamagani uchun iqtisodiy mustaqil bo‘lmasligi, oilaga o‘zini qurbon qilinganini pesh qilishi ko‘p kuzatiladi. Va bu ham o‘ziga yarasha oilaviy kelishmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Yana boshqacha tanlovlar ham bo‘ladi. Deylik, ayolning oilaga nisbatan ishonchi poymol bo‘ldi. Unga chidasang shu, chidamasang katta ko‘cha, deyishadi. Uning har jihatdan qaramligini bilishadi, bolalarni bitta o‘zi eplolmasligini ro‘kach qilishadi. Aksariyat hollarda ayol chidashni va qolishni tanlaydi. Va U bu tanlov yo‘lida har kuni o‘lib yashaydi», – deb yozadi Aziza Qurbonova.

«Hukumat haligacha qishloq ayollarining hayotini yengillashtiradigan hech narsa qilmadi»

SmartGov kompaniyasi ijrochi direktori Aziza Umarova:

— Jamiyat patriarxal bo‘lib qolishi va ayollar huquqlarini tan olmaslik va ta'minlamaslik sabablaridan biri shundaki, ayollar hukumatning ijtimoiy xizmatlarni ta'minlash funksiyasini qisman o‘z zimmasiga olgan. Aniqroq aytganda, hukumat keksa yoshdagi va nogironligi bor fuqarolarga g‘amxo‘rlik qilmaydi. O‘zbek oilalarida bu ishni ayollar qilishadi va boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi hukumat bunga moddiy resurslarni sarflamaydi.

Qishloqda eng birinchi maishiy sharoitlar: gaz, elektr toki, doimiy oqar suvi manbayi bo‘lmas ekan, ayollar va bolalar uzoqdan uylariga suv tashiydilar, o‘choqda olov yoqib, qiynalib ovqat qilishadi. Bu holat har kuni bir xilda takrorlanaveradi. Hukumat haligacha qishloq ayollarining hayotini yengillashtiradigan hech narsa qilmadi: ichimlik suvi, gaz yoki kanalizatsiya bilan ta'minlanmadi. Mamlakat aholisining atigi 16 foizi kanalizatsiya bilan qamrab olingan. Ichimlik suvi ham dolzarb muammo. Shunaqa abgor infratuzilma sharoitida qanday qilib ayollar huquqlari haqida gapirish mumkin?

Og‘ir sharoit o‘z ortidan turli ijtimoy muammolarni ham keltirib chiqaradi. Xotin-qizlar normal yaxshi ta'lim olisholmaydi, munosib sharoitda ishlolmaydi. Oilaviy ajrimdan so‘ng esa o‘zini ta'minlolmaydi. Natijada, xorijga pul topishga va qing‘ir ishlarni-da qilishga majbur bo‘ladi.

Hukumat xotin-qizlarga oid davlat siyosatini shakllantirmagan. Ayollardan elchi, Oliy Sud raisi o‘rinbosari tayinlanishi kabi sa'y-harakatlar dengizdagi bir tomchi, xolos. Hukumat qanchalik iqtisodiy jihatdan baquvvat bo‘lsa, shunchalik xotin-qizlar xuquqlarning muhofazasi to‘liq ta'minlanadi.

Xulosa

Gender tengligini ta'minlash, ayollarga qarshi oiladagi zo‘ravonlikka barham berish qonunchilik bilan mustahkamlandi, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning oliy ta'lim muassasalarida o‘qishi uchun imtiyozli grantlar ajratildi. Davlat boshqaruvida ayollarga ham imkoniyat berilyapti...

Bular juda ijobiy signallar, albatta. Ammo masalaning ikkinchi tomoni – soyada qolib ketayotgan xotin-qizlar qatlami bilan ish olib borish kerak. Ayolni nima uchun oilada zo‘ravonlikka uchrasa-da, murojaat qila olmaydi, hayot ostonasida turgan qizga nima uchun shaxsiy tanlov imkoniyati berilmaydi, nega qishloq ayoli dalada erkaklar bilan baravar yer chopishi, yozda tappi qilib, qishda uni yoqishi, butun umrini qora mehnatda o‘tkazishi kerak? Nima uchun ishsiz ayol farzandini tashlab, xorijda migrant sifatida sarson bo‘lib yurishi kerak? Savollar ro‘yxati, afsuski, juda uzun.

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid