Tavsiyanomaga ega xotin-qizlarga ajratilgan 2000 kvota taqsimoti

Bakalavrning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan xotin-qizlar uchun 4 foizli qo‘shimcha 2000ta davlat granti tasdiqlangan. Kvotaning hududlar kesimidagi taqsimoti quyidagicha:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 111;
  • Andijon – 183;
  • Buxoro – 112;
  • Jizzax – 81;
  • Qashqadaryo – 193;
  • Navoiy – 60;
  • Namangan – 165;
  • Samarqand – 227;
  • Surxondaryo – 155;
  • Sirdaryo – 50;
  • Toshkent viloyati – 177;
  • Farg‘ona – 221;
  • Xorazm – 110;
  • Toshkent shahri – 155ta grant.

Kvota qaysi ta’lim shakli uchun ajratiladi?

Tavsiyanoma faqat birinchi yo‘nalish uchun va ta’limning kunduzgi shakliga amal qiladi. Sirtqi, kechki yoki masofaviy uchun imtiyoz qo‘llanmaydi. Bunda birinchi yo‘nalishga kunduzgini tanlab, 2, 3, 4 yoki 5-yo‘nalish uchun sirtqi, kechki, masofaviy ta’limni tanlash mumkin.

Tavsiyanomali xotin-qizlar ballari qanday hisoblanadi?

Tavsiyanoma olgani budjet asosida o‘qishga kirishni yoki ball qo‘shib berilishni anglatmaydi. Avvalo yuqoriroq ball to‘plashga harakat qilish kerak. Xo‘sh, kimdan yuqori ball to‘plash kerak?

Tavsiyanomali abituriyent doimiy yashash joyi bo‘lgan viloyatdagi shunday abituriyentdan yuqori ball to‘plashi kerak. Ya’ni tavsiyanoma olgan xotin-qizlar o‘zlari topshirgan yo‘nalishdagi abituriyentlar bilan emas, o‘z viloyatlaridagi tavsiyanoma olgan xotin-qizlar bilan bellashadi.

Deylik, Namangan viloyatiga jami 60ta kvota ajratilgan bo‘lsa, lekin Namangandan respublika bo‘ylab OTMlarga 100 nafar tavsiyanomali xotin-qiz hujjat topshirgan. 100 nafarning eng yuqori ball to‘plagan 60 nafari imtiyozga ega bo‘ladi, qolgani esa boshqa abituriyentlar singari umumiy kvota asosida tanlovda qatnashaveradi. Bundan tashqari, bu yil 3ta yo‘nalishga ajratilgan kvotalar ham bor.