O‘zbekiston | 22:25 / 22.07.2020
9861
5 daqiqa o‘qiladi

Dilorom Toshmuhammedova koronavirus testlari o‘tkazishni keskin ko‘paytirishni taklif qildi

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhammedova O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyat og‘irlashib borayotganiga qator sabablarni sanab o‘tdi.

Foto: KUN.UZ

Uning bu boradagi fikrlari Senat rasmiy saytida joylangan.

Dilorom Toshmuhammedova mamlakatda fuqarolarni koronavirus va uning oqibatlaridan himoya qilish bo‘yicha qator ishlar qilinayotganiga qaramay, kasallik tarqalishi va o‘lim holatlari ko‘payayotganini urg‘ulaydi. Bu borada esa u joylarda amalga oshirilayotgan ishlar tizimli tartibga solinmagani va qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganini sabab sifatida keltiradi.

«Birinchidan, birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimidagi muammolar bugungi mushkul vaziyatda ro‘yi rost bo‘y ko‘rsatdi. Ya'ni koronavirus kasalligiga gumonlangan shaxslarni davolash va nazoratni olib borishda birlamchi tibbiyot xodimlarining professional malakasi va tajribasi kamligi, bu sohada kadrlar yetishmovchiligi yuzaga chiqib, o‘z navbatida, bu kelgusida birlamchi tibbiyot xodimlari sonini ko‘paytirish, ularning bilim va malakalarini oshirish maqsadida amaliy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish, ushbu tizim yaxlit bir mexanizm sifatida faoliyat yuritishi uchun epidemiologlar tomonidan aniq choralar belgilanishini taqozo etadi.

Ikkinchidan, Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tomonidan COVID-19 infeksiyasi yengil kechayotgan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik klinik ko‘rsatmalar ishlab chiqilgan. Endilikda bugungi epidemiologik vaziyatni hisobga olib, tibbiy mutaxassislar tomonidan yordam ko‘rsatishning barcha bosqichlarida bajariladigan harakatlar algoritmlari va standartlarini ham ishlab chiqish hamda shifokorlarning har bir xatti-harakatlari shunga asoslanishi maqsadga muvofiq. Qolaversa, test o‘tkazuvchi eng zamonaviy uskunalarni mamlakatga olib kelish va sifatli laboratoriyalarni ko‘paytirish zarur.

Shuningdek, JSST tavsiyasi hamda rivojlangan davlatlarning pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha samarali tajribasidan kelib chiqib, koronavirusga PZR tahlili (infeksiyani aniqlashda yuqori sezgirlikka ega tekshirish usuli) olish tizimini mukammallashtirish va aholini testdan o‘tkazishni keskin ko‘paytirish ham foydadan xoli bo‘lmaydi.

Uchinchidan, bugungi kundagi statistika har kuni koronavirus yuqtirib olayotganlarning qariyb 70 foizi aholi orasida aniqlanayotganidan dalolat bermoqda. Ammo odamlar orasida klinik belgilarsiz kasallik tarqatuvchiga aylanib qolish ehtimoli borligi ko‘pchilikning parvosiga ham kelayotgani yo‘q.

Shu bois, ayniqsa, mamlakatimizning boshqa hududlariga qaraganda poytaxtimizda vaziyat og‘irligini inobatga olib, kasallik zanjirini uzish uchun zarurat bo‘lmaganida boshqalar bilan muloqotga kirishmaslik, aholi gavjum joylarda karantin tartiblariga so‘zsiz itoat etish, bemaqsad to‘planmaslik yuzasidan amaliy choralar ko‘rish, har bir odamning shaxsiy mas'uliyati haqidagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, shu jumladan, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash samaradorligini oshirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash bo‘yicha qat'iy deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish talab etiladi.

To‘rtinchidan, bugun, ayniqsa, yuzaga kelgan ayrim kamchiliklarni ijtimoiy tarmoqlar orqali bo‘rttirib ko‘rsatish, masalaning tub mohiyatini anglab yetmasdan o‘rinsiz iddaolar qilish, bir tomonlama va noxolis xabarlar tarqatish «urf»ga aylanib bormoqda. Bu kabi holatlar odamlarni chalg‘itishga, ularda norozilik kayfiyati uyg‘onishiga sabab bo‘lishi mumkin. Vaholanki, dunyoning manaman degan davlatlari ham ko‘rinmas balo oldida boshi berk ko‘chaga kirib qolayotgan bir vaqtda ish bor joyda uchrashi tabiiy bo‘lgan kamchiliklarni shunchaki sanab berish emas, balki ularni tugatishga qo‘limizdan kelganicha amaliy hissa qo‘shsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Beshinchidan, bugun bizga COVID-19 berayotgan achchiq saboqlardan xulosa chiqarib, «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi, «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi, «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlar va sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qayta inventarizatsiyadan o‘tkazish va ilg‘or xalqaro amaliyot, bugungi zamon talablarini e'tiborda tutib takomillashtirgan holda yangi tahrirlarda ishlab chiqish va qabul qilish lozim», – deb yozadi Dilorom Toshmuhammedova.

Mavzuga oid