O‘zbekiston | 15:39 / 23.07.2020
1437
4 daqiqa o‘qiladi

Pandemiyada «O‘zbekiston-AQSh-Afg‘oniston» hamkorligining iqtisodiy-ijtimoiy jihatlari muhokama qilindi 

Joriy yil 21 iyul kuni O‘zbekiston raisligida bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston-AQSh-Afg‘oniston» uch tomonlama hamkorlik mexanizmining Iqtisodiyot bo‘yicha quyi qo‘mitasining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Afg‘onistonni iqtisodiy qayta tiklash masalalari, transport, energetika, savdo, qishloq xo‘jaligi, ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilingan, deb xabar bermoqda TIV matbuot xizmati.

Videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasiga Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Kudratov, AQSh delegatsiyasiga Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Jonatan Henik va USAID administratori yordamchisi o‘rinbosari Nitin Madhav, Afg‘on delegatsiyasiga Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Mirvays Nab va Savdo va sanoat vazirining o‘rinbosari Abdul Karim Malikiyar boshchilik qilgan.

Videokonferensiyada AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo va investitsiyalar bo‘yicha Hadli bitimning to‘laqonli a'zosi maqomini Afg‘onistonga berish, Afg‘oniston iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan «Surxon – Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasi va «Mozori-Sharif –Kabul» temir yo‘li marshruti qurilishi kabi loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish zarurligi ta'kidlandi.

Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazining imkoniyatlaridan foydalanish va uning negizida turli sohadagi afg‘on mutaxassislari uchun qisqa va uzoq muddatli kurslar tashkil etish muhimligiga alohida e'tibor qaratildi.

AQSh Davlat kotibi yordamchisining o‘rinbosari Jonatan Henikning qayd etishicha, koronavirus pandemiyasi sharoitida jahonda yuzaga kelgan vaziyat O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada chuqurlashtirish, transchegaraviy savdoni rag‘batlantirish va butun mintaqaviy bog‘liqlikni ilgari surish zarurligini talab etmoqda.

USAID vakili Nitin Madhav O‘zbekiston-Afg‘oniston iqtisodiy hamkorligining jadal rivojlanib borayotganini yuqori baholadi va iqtisodiy rivojlanish, xususiy sektorni mustahkamlash, ayollar tadbirkorligini rag‘batlantirish va savdo aloqalarini faollashtirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda USAID zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Afg‘oniston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Mirvays Nab «O‘zbekiston-AQSh-Afg‘oniston» uch tomonlama mexanizmining ahamiyatini qayd etar ekan, ushbu shakl xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish uchun noyob maydon ekanligini ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «pandemiyaga qaramay, O‘zbekistondan Afg‘onistonga turli tovarlar, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar muntazam ravishda o‘tayotganligi afg‘on xalqiga nisbatan birodarlik munosabatning namunasi bo‘ldi».

Kun tartibiga muvofiq transchegaraviy energetika, savdo va qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish, transport va marshrutlar xavfsizligini ta'minlash sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha panel munozaralari tashkil etildi.

Tadbir so‘ngida AQSh va Afg‘oniston vakillari Iqtisodiyot bo‘yicha quyi komissiyaning birinchi majlisini yuqori tashkiliy darajada o‘tkazilgani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi va munozaralarni ekspertlar darajasida davom ettirishni taklif etdi.

Majlis yakuniga ko‘ra aniq yo‘nalishlar va loyihalar bo‘yicha tor doiradagi ekspertlar uchrashuvini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Алишер Рўзиохунов
Tayyorlagan Алишер Рўзиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid