Jahon | 10:20 / 24.07.2020
14422
2 daqiqa o‘qiladi

Eron samolyotining majburiy qo‘nishi natijasida odamlar jabrlandi 

Eron yo‘lovchi samolyotiga osmonda qiruvchi samolyotlarning yaqinlashishi va buning oqibatida majburiy qo‘nishidan odamlar jabrlandi.

Foto: AFP/Getty Images

Eronning Mahan Air aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan va Tehron – Bayrut yo‘nalishi bo‘yicha uchib ketayotgan samolyot favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi.

Fars agentligi xabariga ko‘ra, yo‘lovchi samolyotga Suriya osmonida 2ta qiruvchi samolyot xavfli darajada yaqinlashgan. Uchuvchilarning to‘qnashuvdan qochish uchun qilgan majburiy harakatlari natijasida bir necha yo‘lovchi jabrlangan. Havo kemasi kapitani qiruvchi samolyotlar AQShniki bo‘lishi mumkin deb hisoblamoqda.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, samolyot Bayrut shahriga favqulodda qo‘ngan.

«Yo‘lovchi samolyotining uchuvchisi qiruvchi samolyot uchuvchilarini xavfsiz masofani saqlash lozimligi haqida ogohlantirgan. Bunga javoban ular amerikalik ekanini aytishgan», - deb xabar berdi IRIB davlat teleradiokompaniyasi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi favqulodda voqeani barcha tafsilotlarini o‘rganib chiqib, huquqiy choralar ko‘rishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Mahan Air aviakompaniyasi samolyotini Bayrutdan qaytishi chog‘ida yuz berishi mumkin bo‘lgan har qanday mojaroni AQSh zimmasiga yuklanishidan ogohlantirmoqda.

Ayni paytda BMT bosh kotibi va Eronda AQSh manfaatlari vakili bo‘lmish Shveytsariya elchisi ham voqeadan xabardor qilingan.

Mavzuga oid