Jamiyat | 15:13 / 25.07.2020
38377
6 daqiqa o‘qiladi

COVID-19 bolalarda: profilaktika, simptomlar va davo - shifokor Elizov tavsiyalari

Zelenograd markaziy tuman kasalxonasi umumiy amaliyot shifokori, terapevt Igor Elizov COVID-19’ning bolalarda qanday kechishi, profilaktika va muolaja masalalari bo‘yicha o‘z tavsiyalari bilan bo‘lishdi.

Koronavirusning bolalarda kechishi haqida gap ketganda sizning dushmaningiz bu – qo‘rquv. Ha, sizning dushmaningiz, farzandingizning emas. Chunki bolaning psixikasi shunday tuzilganki, ular kasal bo‘lishdan qo‘rqmaydi. Bironta bemorimning – xoh bola bo‘lsin, xoh o‘smir, kasal bo‘lishdan qo‘rqishi haqida eshitmaganman. Bu masalada ulardan o‘rnak olish kerak.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, bolalar va o‘smirlar kattalarga qaraganda kamroq kasal bo‘ladi. Hozirgacha dunyo bo‘yicha koronavirus bilan jami kasallanganlarning ham 1-5 foizini bolalar tashkil qiladi.

Shuningdek, bolalar va o‘smirlarda 90 foiz holatda koronavirus simptomlarsiz yoki yengil O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya) singari kechadi. Bundan tashqari, butun pandemiya davrida dunyo bo‘yicha bolalar orasida o‘limning atigi bir nechta qayd etilganiga e'tibor berish kerak.

Onalar, buvi-buvalar, farzandimga koronavirus infeksiyasi yuqadi, deb qo‘rqib vahima qilishdan to‘xtang, iltimos.

Profilaktika

Koronavirus bo‘yicha bolalarda profilaktika masalasi kattalar bilan bir xil. Faqatgina D3 vitaminini qabul qilishda yosh nuqtayi nazaridan dozada farq bo‘lishi mumkin. Xususan:

  • 1 yoshdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun – sutkasiga 1500 xalqaro birlik;
  • 6 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun – sutkasiga 2500 xalqaro birlik;
  • 14 yoshdan yuqori yoshdagilar uchun – sutkasiga 5000 xalqaro birlik.

Profilaktikaning qolgan masalalarida bolalar uchun kattalar bilan bir xil qoidalar amal qiladi – individual himoya vositalari (niqob, qo‘lqop)dan foydalanish, odamlar to‘planadigan joylarga bormaslik.

Kasallik belgilari

Koronavirus bolalarda aksariyat hollarda yengil shakldagi O‘RVI singari kechadi – tomoq og‘rig‘i, yo‘tal, burun oqishi va aksirish.

Kasallik og‘irroq kechayotgan bo‘lsa – tana haroratining 37,5-39 darajagacha ko‘tarilishi, holsizlik va bosh og‘rig‘i.

Bolalarda koronavirus juda kamdan-kam hollarda gastrointestinal shaklda – ko‘ngil aynishi, qusish, qorin og‘rig‘i, diareya kabi belgilar bilan kechadi.

Davolanish

Bolalarda kasallik faqatgina yengil shaklda kechgan holatdagina uy sharoitida davolanadi. Kasallik o‘rta va og‘ir darajada kechgan taqdirda bolani shifoxonaga yotqizish shart.

Uyga shifokor chaqiring. U bolaning tomog‘ida o‘tkir tonzillit, o‘pkada pnevmoniya bor-yo‘qligini tekshirib ko‘rishi kerak. Agar bu tashxislar shifokor tomonidan tasdiqlanmasa, davolanishni boshlang.

Burunni bir kunda 3 mahal tuzli eritma bilan chayish mumkin – bu mahalliy immunitetni oshirishga yordam beradi va yuqori nafas yo‘llariga tushuvchi virus yukini kamaytiradi.

Tomoqni bir kunda 3 mahal furotsilinli eritma bilan chayish. Agar bolaning yoshi tomoq chayishga yo‘l bermasa, tomoqqa turli antiseptik spreylar bilan ishlov berish mumkin (bunday spreylar dorixonada muammosiz topiladi).

Agar bolada ham quruq, ham nam yo‘tal bo‘lsa, turli siroplar berishga shoshilmaslik kerak – ayniqsa, bola 5 yoshdan kichik bo‘lsa. Bunday vaziyatda ko‘p miqdorda suyuqlik ichish yaxshi ta'sir beradi. Chunki suvda turli bo‘yoqlar va ta'm beruvchi moddalar yo‘q. Shuningdek, xonada namlik harorati 20-22 daraja bo‘lishi kerak, bu yo‘talni davolash uchun juda muhim. Bu sharoitda balg‘am yaxshi suyuladi va o‘pkadan chiqarilishi osonlashadi.

Agar yo‘tal 5 kundan ortiq davom etsa va kuchayib borsa, faol moddasi ambroksol bo‘lgan preparat qo‘llash kerak. Balg‘am ko‘chiruvchi bu preparat 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun sirop shaklida, 12 yoshdan kattalar uchun tabletka shaklida chiqariladi.

Bolada fibril tutqanoq kuzatilmayotgan bo‘lsa, tana harorati 38-38,2 darajadan past bo‘lgan taqdirda isitmani tushirishga harakat qilmang. Shu darajadan oshsa, «Paratsetamol» yoki «Ibuprofen» (bolalar uchun eritma, kattalar uchun tabletka shaklida) berish mumkin.

Isitma 5 kundan ortiq davom etsa va pasayish kuzatilmasa, pnevmoniya bor-yo‘qligini tekshirish uchun o‘pkaning kompyuter tomografiya tekshiruvini o‘tkazish kerak. Lekin bolalarda pnevmoniya kamdan-kam hollarda kuzatiladi.

Kompyuter tomografiya tekshiruvida pnevmoniya aniqlangan taqdirda (qanday og‘irlik darajasi bo‘lishidan qat'i nazar) bolani shifoxonaga yotqizish kerak. Pnevmoniya bo‘lmasa, «Amoksiklav» antibiotikini bolaning yoshi va vaznidan kelib chiqqan holda doza belgilab, 5 kun davomida berish mumkin.

Koronavirus oshqozon-ichakda kechganda

Bolada qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qusish yoki ich ketishi bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Infeksiyaning bu shaklini uyda davolash uchun tavsiyalar yo‘q. Chunki bolalarda suvsizlanish kattalarga qaraganda tezroq sodir bo‘ladi. Qusish va ich ketishi esa suvsizlanishga olib kelishi mumkin.

Mavzuga oid