Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda dunyo bo‘yicha 16,7 mln kishi koronavirus bilan kasallangan, 660,5 ming kishi hayotdan ko‘z yumgan.

AQSh ikkala ko‘rsatkich bo‘yicha ham yetakchi - mos ravishda 4,3 mln va 149,2 ming holatlar. Ikkinchi o‘rinda 2,4 mln bemor va 88,5 ming o‘lim holati qayd etilgan Braziliya bormoqda.

Yevropada kasallanishning yangi to‘lqini

Yevropaning ko‘plab davlatlarida kuzatilayotgan kasallanish darajasi o‘sishi hukumatlarni Yevroittifoqning ichki va tashqi chegaralarini yopish ehtimoli haqida bosh qotirishga majbur qilmoqda.

Ammo Fransiya sog‘liqni saqlash vaziri Olive Veranning ogohlantirishicha, buning oldini olishga har qanday yo‘llar bilan harakat qilish lozim. U shuningdek, mamlakatda qayta lokdaun joriy etilishini istamasligini, ammo virus bilan kechayotgan kurash, uning so‘zlariga ko‘ra, hali tugaydiganga o‘xshamayotganini ma'lum qildi.

Hokimiyat vakillari virus jiddiy avj olgan muayyan mintaqalarda mahalliy lokdaun joriy etayotgan Ispaniyada kasallanishning keskin ortishi kuzatilmoqda. Britaniya Ispaniyadan keluvchilar uchun ikki haftalik majburiy karantin tartibini yo‘lga qo‘ydi, vaholanki ushbu davlatlar o‘rtasida havo yo‘lagini tashkil etish bo‘yicha bitim imzolangandi.

Ushbu hafta boshida Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Britaniyaning bu qarorini haddan ortiq deb baholadi va qirollik hukumati cheklovlarni qayta ko‘rib chiqishiga umid bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ispaniya hududining katta qismida Covid-19'dan kasallanish darajasi Britaniyanikiga qaraganda past.

Germaniya olimlari Covid-19'ga qarshi vaksina keyingi yil o‘rtalarigacha tayyor bo‘lmaydi deb hisoblamoqda. Bu mamlakat epidemiya bilan nisbatan samarali kurashgan davlatlar qatoriga kiradi. Biroq sog‘liqni saqlash vaziri Yyens Shpanning aytishicha, u kasallanish statistikasi keskin yuqorilagan so‘nggi kunlarda qattiq xavotirga tushmoqda. Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, Germaniyada kasallanish holatlarining umumiy soni 208 mingtani tashkil etib, 9,1 ming kishi koronavirus tufayli hayotdan ko‘z yumgan. 

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko koronavirus bilan «oyoqda yurib» kurashgani haqida aytdi. U virus yuqtirib olganini tan olgan, ammo kasallik alomatlarsiz kechgan. Uning fikricha, virus aholining 97 foizida shu tarzda o‘tib ketadi, epidemiya tufayli xavotir oshishini esa psixoz deb atadi. Belarusda pandemiya boshidan beri 67,3 ming bemor qayd etilgani, ulardan 543 nafari hayotdan ko‘z yumgani ma'lum qilingan.