O‘zbekiston | 16:47 / 30.07.2020
66636
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zgidromet» avgust oyida ob-havo qanday bo‘lishi to‘g‘risida ma'lumot berdi

Bugun O‘zbekiston hududining katta qismida ob-havo quruq va kam bulutli, harorat 35-38 daraja.

Mamlakatning shimoli-g‘arbiy hududlariga Volgabo‘yidan nam va salqin havo oqimi kirdi. Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida ob-havo bulutli bo‘ladi, ayrim joylarga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat 28-33 darajagacha pasayadi.

«O‘zgidromet»ning yozishicha, ertaga nam va salqin havo butun respublika hududiga tarqaladi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida ayrim joylarga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida kechga borib qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi.

Kunduzgi harorat 30-33 darajagacha pasayadi, Qurbon hayiti kuni respublika aholisini salqin havo kutmoqda.

1 avgustda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar faqat Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kuzatilishi mumkin, mamlakatning qolgan hududida yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, harorat 30-33 daraja atrofida bo‘ladi.

2 avgustda respublikaning katta qismida ob-havoning yana kam bulutli va quruq bo‘lishi kutilmoqda, faqat ba'zi tog‘li va tog‘oldi hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Keyingi haftada ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Harorat asta ko‘tariladi va yana 36-39 darajani tashkil qiladi.

Keyinchalik avgust harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda. Qisqa muddatli yomg‘irlar asosan respublikaning tog‘li va tog‘oldi hududlarida kuzatiladi. Harorat kechasi 17-22 daraja, kunduzi 32-37 daraja atrofida, ayrim kunlarda 40 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda. oyning so‘nggi o‘n kunligida kunduzgi harorat 28-33 darajagacha pasayishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi O‘zbekistonda yilning eng quruq oyi hisoblanadi.

Avgust oyida yomg‘irli kunlar o‘rtacha 1-2 kunni, Farg‘ona vodiysi va tog‘larda −3-6 kunni tashkil qiladi. O‘rtacha yog‘inlar miqdori mamlakat hududining katta qismida 1-2 mm, ayrim joylarda 3-4 mm, tog‘oldi va tog‘larda 10-20 mm.ni tashkil qiladi.

Mavzuga oid