O‘zbekiston | 01:33 / 31.07.2020
7735
3 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz barcha mo‘min-musulmonlarni Qurbon hayiti bilan muborakbod etadi!

Bugun, 2020 yil 31 iyul – 1441 hijriy-qamariy yil Zulhijja oyining 10-kuni butun dunyo musulmonlari singari o‘zbekistonlik mo‘minlar ham Islom olamining eng yirik bayrami – Qurbon hayiti bayramini nishonlaydi.

Allohning taqdiri ekan, bu yilgi Ramazon va Qurbon hayiti kunlari koronavirus pandemiyasi bois joriy etilgan karantin choralari kuchaytirilgan damlarga to‘g‘ri keldi.

Ma'lumki, ushbu kunda, farzandlar ota-onalarini, qarindoshlar, musulmonlar o‘zaro bir-birlarini ziyorat qilib, silai-rahm ko‘rsatib kelishgan. Afsuski, bu yil dinimizning bunday olijanob urf-odatlarini amalga oshirishda birmuncha qiyinchiliklar vujudga kelgani rost.

Shunga qaramay, bunday sinovli kunlarda tevarak-atrofimizdagilar holidan xabar olish, yordamga muhtojlarga befarq bo‘lmaslik, g‘amxo‘rlik qilish, solih amallar va xayr-u ehsonlardan so‘ng, ko‘proq Alloh taologa xayrli duolarda bo‘lishni so‘ragan bo‘lar edik. Zotan, bu kunlar ham g‘animat, ammo bu kunlarda qilingan savobli va xayrli amallar oxiratda o‘zimizga hamroh bo‘lishi shubhasiz.

Qolaversa, turmushi taranglashgan yoxud bemor hamyurtlarimiz chiroyli sabrni namoyish etgan holda Allohdan ixlos ila duo talabida bo‘lsalar, ularning duolari ijobatidan dunyo boshiga kelgan tashvishli kunlar tezroq barham topsa, jannatmakon O‘zbekiston ham boshqa mamlakatlar singari taraqqiyotning yangi pillapoyalariga qadam bossa!

Umid qilib, so‘rab qolamizki, Alloh bu baloni O‘zi tezda bartaraf etsin, kelgusi yilgi Qurbon hayiti kunlarini barcha vatandoshlar bahamjihatlikda, tan-sihatlik bilan nishonlash nasib etsin!

Yurtimiz farovon, qalbimiz Islom nuri bilan charog‘on bo‘lsin. Duolarimiz qabul, ibodatlarimiz maqbul bo‘lsin! Haj ibodati va Umra ziyoratlarini amalga oshirishlik uchun o‘rtadagi chegaralar ochilsin! Omin!

Yana bir bor Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid