«O‘zgidromet» haftalik ob-havo to‘g‘risida ma'lumot berdi
Faqat mamlakatning shimoliy hududlari nam va salqin havo oqimi ta'sirida bo‘ladi.
Iyul oyining oxiri va avgustning ilk kunlarida kuzatilgan yomg‘irli va past haroratli qisqa muddatli davrdan so‘ng shu hafta boshidan respublikada ob-havo yana quruq, asosan kam bulutli va issiq bo‘ladi.
Kechasi harorat 20-23 daraja atrofida, kunduzi 36-39 darajagacha ko‘tariladi. Bunday ob-havo odatda avgust oyining birinchi yarmida kuzatiladi, deb yozadi «O‘zgidromet».
Qayd etilishicha, faqat mamlakatning shimoliy hududlari Volgabo‘yi ustida shakllangan balandlikdagi siklon bilan bog‘liq bo‘lgan nam va salqin havo oqimi ta'sirida bo‘ladi. Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida bulutlilik ortadi, 4-5 avgustda shamolning tezligi 15m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat bu hududlarda 30-33 daraja atrofida bo‘ladi.