Kasb tanlashda nimalarga e'tibor qaratish kerak?
Kasb tanlash – har bir inson hayotidagi eng muhim tanlovlardan biri. Kasb – nafaqat daromad topish manbayi, balki umrning asosiy qismi sarflanadigan faoliyat hamdir.
Psixologlar bunday mas'uliyatli qaror qabul qilishda faqatgina atrofdagilarning tavsiyasiga tayanish emas, tahlilning boshqa muqobil variantlarini ham qo‘llashni taklif qilishadi.
Kasbga yo‘naltirish psixologiyasi bo‘yicha mutaxassis Azizxon Bahodirov bu boradagi tavsiyalari bilan bo‘lishdi.
Psixologik testlar
O‘zingizda qaysi kasbga moyillik va qiziqish yuqori ekanini psixologik testlar orqali birlamchi bosqichda aniqlab olishingiz mumkin. Faqatgina bunda onlayn platformalarda duch kelgan testga emas, soha mutaxassislari ishlab chiqqan professional testlarga tayanish kerak.
Shuni esda tutish kerakki, test natijalariga «hukm» deb qarash kerak emas. Ular faqatgina moyillik yo‘nalishini belgilab beradi.
Bilimlaringizni kengaytiring
Turli kasbiy yo‘nalishlar, istiqbolli soha va mutaxassisliklar to‘g‘risida bilimlarni mustahkamlash kerak.
Har yili o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha kitoblar nashr qilib boriladi. Ularda hattoki maktab o‘quvchilariga tanish bo‘lmagan kasblar bilan ham tanishish mumkin. Ehtimol, ulardan biri sizning tanlovingiz bo‘lishi mumkin.
Kasblar bilan yaxshiroq tanishib chiqing
Maktabni bitirish arafasida o‘spirin ko‘pincha kasblar haqida noto‘g‘ri tasavvurga ega bo‘ladi. Ular tanlagan kasblarining faqat ijobiy yoki aksincha salbiy jihatlarini ko‘rishadi. Bunda ota-onalar farzandlariga ko‘p narsalarni aniqlashtirishda yordam berishlari kerak.
9-sinfdan boshlab asta-sekin o‘zingiz tanlagan yo‘nalish bilan tanishish maqsadida institut va universitetlardagi «Ochiq eshiklar» kunlarida ishtirok etish maqsadga muvofiq.
Istaklarni tizimlashtiring
Qog‘oz oling. O‘zingizni qiziqtirayotgan kasblarni vertikal ravishda va tanlanajak kasbdan nimani istashingizni gorizontal ravishda joylashtirib chiqing. Jadvalni iloji boricha batafsil to‘ldirish kerak. Tanlangan kasb sohasi va kishi undan nimalarni kutayotgani bir-biriga mos kelsa, «+», mos bo‘lmasa «-» ishoralarini qo‘yishingiz lozim. Bu o‘z istaklarini aniqlashtirishga yordam beradi va shu istakka mos kasb haqidagi tasavvurni aniqlashtiradi.
Amaliyot
Qaysi kasbni tanlash haqida bir qarorga keldingiz, deylik. Endi o‘zingizni shu yo‘nalishda sinab ko‘rish kerak. Buning uchun turli o‘quv-guruhlari bo‘lgan ko‘plab ixtisoslashgan maktablar va kurslar mavjud bo‘lib, ular transport vositalari mexanikasidan tortib, tadbirkorlikkacha o‘zingizni sinab ko‘rish imkoniyatini beradi.
Zaxira aerodromi
Asosiy tanlovdan tashqari, qo‘shimcha ravishda e'tiborga olinuvchi «zaxira» tanlov ham bo‘lishi kerak. Chunki hayotni oldindan prognozlashtirib bo‘lmaydi, unda har qanday holat ro‘y berishi mumkin.
Tanlangan yo‘nalish bo‘yicha o‘qishga kira olmay qolgan taqdirda tushkunlikka tushmaslik, boshqa optimal variantlarni ham ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.
Qaror faqat mustaqil qabul qilinadi
Ota-ona tomonidan beriladigan maslahatlar foydali, lekin ular yakuniy qaror bo‘lmasligi, yordamchi ta'sirga ega bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Yoki ona/ota o‘z yoshligida egallay olmagan, armon bo‘lib qolgan kasbga farzandini yo‘naltirishi ham noto‘g‘ri. Farzand – alohida shaxs va uning o‘z istaklari bor. Bu istaklar avvalroq armon bo‘lgan xohishlar uchun qurbon bo‘lmasligi kerak.
Oilaviy an'analarni davom ettirish majburiy emas
Farzand onasi yoki otasining kasbini davom ettirmoqchi bo‘lsa, bu juda yaxshi. Lekin bunga uni majburlash noto‘g‘ri. Otaning shu kasbda o‘z baxti va muvaffaqiyatini topgani o‘g‘ilda ham xuddi shu ssenariy takrorlanadi degani emas.
Inson yoqtirmagan ishi bilan butun hayot davomida shug‘ullansa, o‘zini baxsiz his qiladi.
Umumiy xulosa qiladigan bo‘lsak:
– Sizni yaqindan biluvchi insonlar – oila a'zolaringiz, do‘stlaringiz bilan maslahatlashgan holda, o‘zingizga qaysi kasb ko‘proq mos kelishi haqida so‘rab olishingiz mumkin.
– Ommaviy axborot vositalari yangi kasb sohalari haqida ko‘proq ma'lumot olishga yordam beradi. Maxsus manbalar (adabiyotlar, onlayn platformalar) talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar haqida ma'lumotlar beradi.
– Istaklaringiz va hayotdagi maqsadlaringizdan kelib chiqing.
– To‘plagan ma'lumotlaringizni chuqur tahlil qiling. «Hayotda menga nima kerak?» degan savolga javob berishga harakat qiling.
– Imkoniyat bo‘lsa, kasb tanlash bo‘yicha malakali mutaxassis bilan maslahatlashish maqsadga muvofiq.
Mavzuga oid
16:06 / 20.06.2022
Muhimi OTMga kirishmas, to‘g‘ri kasb tanlash. Abituriyentlarga ruhshunos tavsiyalari
20:46 / 11.09.2021
Pulning ketidan quvmaslik haqida zamonaviy hikoya
17:11 / 17.06.2021
«IT sohasi bu – bugun va kelajak. Uni yaxshi o‘rgangan odam juda yaxshi yashaydi» - Komil Allamjonov
11:14 / 28.12.2018